FOTOREPORTAJ

Nukus shahrida «Nukus Evolution Expo – 2023» ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Dunyo bozorida elektromobillarni ishlab chiqarish jadal rivojlanib borayotgan hozirgi kunda davlatimiz tomonidan elektromobil importi uchun bir qancha yengilliklar berilmoqda. Elektromobillarni olib kelish bo‘yicha fuqarolarga 2019 yildan e’tiboran bojxona boji va aksiz solig‘i ham bekor qilingan.

O‘zbekiston Savdo – sanoat Palatasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan Nukus shahrida ilk bor tashkil etilgan «Nukus Evolution Expo – 2023» elektromobillar ko‘rgazmasida tashrif buyuruvchilar zamonaviy yashil energetika timsoli bo‘lgan – elektromobillar rusumi, ularni sotib olish,  bo‘lib to‘lash, kredit yoki lizingga olish shartlari bilan tanishish, ko‘rgazma joyida xaridni amalga oshirish imkoniga ega bo‘ldi.

Tadbirda «E-Car finance», «BYD Nukus» va «Avto motors Asia» kompaniyalari, tijorat banklari va lizing kompaniyalari ishtirok etdi.

Elektromobillarning afzalligi shundan iboratki, bir yil davomida foydalanilgan elektromobil o‘rtacha 1500 kilogramm karbonat angidrid bilan atmosfera havosining iflos bo‘lishi oldini oladi,  benzin yoqilg‘isida harakatlanadigan har bir avtomobil esa 15 ming kilometr masofani bosib o‘tganda atmosferaga 3 tonnadan ortiq karbonat angidrid gazi, 93 kilogramm uglevodorodlar, 0,5 tonna uglerod oksidi, 30 kilogrammga yaqin azot oksidi chiqaradi.

Tadqiqotlar natijasida, elektromobillarning atrof-muhit uchun foydali ekanligi, benzin va metan bilan harakatlanuvchi transport vositalariga nisbatan havoni ifloslash darajasi anchagina past ekanligi tasdiqlangan. Elektromobillarning yana bitta asosiy ustun tomoni – ular deyarli shovqinsiz harakatlanadi. Avtomobilda ayniqsa,  shahar sharoitida shovqin darajasining kam bo‘lishi juda muhim hisoblanadi.

Ko‘rgazma davomida tadbirkorlik sub’ektlari, fermerlar va ko‘rgazma mehmonlari elektromobillarni yetkazib beruvchilar bilan sotib olish bo‘yicha shartnomalar, tijoriy banklar va lizing kompaniyalarining xizmatlaridan foydalangan holda elektromobilni kreditga va lizingga olish imkoniga ega bo‘ldi.

 

 

Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA