O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika kengashi tizimidagi xodimlar va Xalq deputatlari mahalliy kengashlaridagi partiya deputatlik guruhi a’zolari uchun “Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati” mavzusida onlayn o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda deputatlar, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi mas’ul xodimlari, tuman va shahar kengashlari raislari ishtirok etdi. Tadbirni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov kirish so‘zi bilan ochdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati va dolzarbligi xususida to‘xtaldi.

So‘zga chiqqanlar Konstitutsiyaning tarixi, uning davlat tuzilishi, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimi, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimi hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab berishi haqida fikrlarini bayon qildi.

Bundan tashqari, Suveren O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasini tayyorlash, muhokama etish, qabul qilish va uning amal qilishi yo‘lidagi 9 ta huquqiy qadam bu boradagi eng muhim tarixiy voqea ekanligi qayd etildi. Xususan, bosh qomusimizdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshgani, qolaversa, konstitutsiya 65 foizga yangilangani ta’kidlandi.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri