O‘zA avval xabar berganidek, MOXI, SMTI, ITIM va MMTI kabi yetakchi tahliliy markazlar vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Boku shahrida bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida Ozarbayjon Raqamli rivojlanish va transport vazirligi vakillari bilan uchrashgan delegatsiyamiz a’zolari O‘zbekiston va Ozarbayjon transport va tranzit sohasida hamkorlikni rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi.

Vazirlik vakillariga mamlakatimizda transport infratuzilmasini yaxshilash va tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan, “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy”, “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘l qurilishi xususida ma’lumot berildi.

Suhbat chog‘ida mavjud, yangi transport-tranzit yo‘laklari, logistika markazlari tarmog‘ini rivojlantirish va takomillashtirish muhimligi ta’kidlandi. O‘zbekiston va Ozarbayjon, shuningdek, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi transport-logistika yo‘nalishi bo‘yicha yaqin hamkorlikni kuchaytirish masalasi ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat ekspert va ilmiy hamjamiyatini jalb qilgan holda tegishli tuzilmalar yaqindan ish olib borishini davom ettirishga kelishib oldilar.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA