Xitoyning yirik kompaniyalari Amerikaning Nvidia kompaniyasida ishlab chiqarilayotgan chiplarni shoshilinch ravishda xarid qila boshladi. Hozirdanoq AQSH kompaniyasiga 5 milliard dollarlik buyurtma berilgan, deyiladi Financial Times gazetasi e’lon qilgan xabarda. Manbalarda ta’kidlanishicha, bularning barchasi AQSH tomonidan Xitoyga chip eksport qilinishiga cheklov joriy qilish ehtimoli sabab bo‘lmoqda, mazkur chiplar sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarda qo‘llaniladi.
“Xitoy internet-gigantlari shoshilinch ravishda Nvidia kompaniyasining yuqori samarador chiplarini sotib olmoqda, chiplar generativ sun’iy intellektni yaratish uchun ishlatiladi. AQSH eksportni nazorat qilishni kuchaytirishidan xavotir olgan Xitoy kompaniyalari hozirdanoq Nvidia ga 5 milliard dollarlik buyurtma berdi, deyiladi nashr nomi oshkor qilinmagan manbalarga tayanib bergan xabarida.
Xabarda keltirilishicha, Xitoyning Baidu, ByteDance, Tencent va Alibaba kabi gigant kompaniyalari millard dollarga taxminan yuz mingta A800 protsessor xarid qilish uchun shartnoma tuzgan, protsessorlar shu yilning o‘zida yetkaziladi. Manbada ta’kidlanishicha, Nvidia ga aloqasi bor xitoylik kompaniyalar grafik protsessorlarga ham to‘rt milliard dollarlik byurtma bergan, ular 2024 yilda yetkaziladi.
Avvalroq Wall Street Journal gazetasi ayrim manbalarga tayanib, AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Xitoyga sun’iy intellekt texnologiyasi uchun zarur bo‘lgan chiplar va bulutli xizmatlar eksportiga yangi cheklov joriy qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida yozgan edi. Ta’kidlangandiki, cheklov Amerikaning Nvidia va Advanced Micro Devices (AMD) texnologiya kompaniyasi mahsulotlariga ham ta’sir qilishi mumkin.
Mikroprotsessorlarni yetkazib berishdan tashqari, cheklov ro‘yxatiga sun’iy intellekt texnologiyalari bilan shug‘ullanayotgan Xitoy kompaniyalari uchun bulutli xizmatlar eksporti ham kiritilishi mumkin.
“Shubhasiz, Xitoy hukumati AQSH ma’muriyatining yangi cheklovlar joriy qilish haqidagi qaroridan qattiq norozi, chunki AQSH ikki mamlakat iqtisodiyotini chegaralash siyosatini olib bormoqda”, deydi Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi vakili RIA Novostiga.
Oq uy chorshanba kuni Prezident Jo Bayden moliya va savdo vazirlariga Xitoy iqtisodiyotining qator sohalariga, xususan mikroelektronika, axborot texnologiyalari va sun’iy intellektning ayrim tizimlari bilan bog‘liq kompaniyalariga investitsiyalarni nazorat qilishga qaratilgan farmonni imzolashini e’lon qildi.
“Xitoy bir necha bor xavotir bildirishiga qaramay, AQSH yangi investitsiyaviy cheklovlardan voz kechmadi. Xitoy tomoni ushbu qarordan qattiq norozi”, – degan elchixona vakili.
AQSH joriy qilayotgan cheklovlar Xitoy va AQSH kompaniyalari va investorlari manfaatlariga “jiddiy ziyon” yetkazadi, ikki mamlakat o‘rtasida yaxshi rivojlanib kelayotgan biznes kooperatsiyasini qiyinlashtiradi va AQSHdagi biznes-iqlimga bo‘lgan xalqaro ishonchga putur yetkazadi, deyiladi xabarda.
Xitoylik diplomatlarning ta’kidlashicha, Chin mamlakati AQSHning milliy xavfsizlikka haddan ziyod ustivorlik berib, savdo, ilmiy va texnologik sohalarni siyosiylashtirish va qurolga aylantirishiga qarshi.
“Biz Amerika tomonini Xitoyning iqtisodiy taraqqiyotini sekinlashtirishga, Xitoyni tutib turishga bo‘lgan urinishlarni bas qilishga chaqiramiz”, – deya qo‘shimcha qildi elchixonadagilar.
S.Rahimov,
O‘zA