Huquqiy munosabat
Ma’lumki, amaldagi 2023 yil 30 apreldan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida rotatsiya termini ishlatilmagan. Shuningdek, mehnat munosabatlarida rotatsiya mavjud emas. Xo‘sh, xodimga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasi yoki rotatsiya qilish qaysi qonunda ko‘rsatilgan? Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil ma’lumot berdi.
– Rotatsiya qilish bilan bog‘liq qoidalar faqatgina davlat xizmatchilariga nisbatan qo‘llaniladi. Misol uchun, “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentida xizmatni o‘tash to‘g‘risida“ gi nizomning 14-bandiga asosan “Poraxo‘rlik va boshqa suiiste’molchiliklarning oldini olish va ularga yo‘l qo‘ymaslik, xodimning shaxsiy va ishchanlik fazilatlarini, uning faoliyati samaradorligini muntazam o‘rganish, shuningdek, Departament organlari faoliyatining turli yo‘nalishlarida malaka va ish tajribasiga ega bo‘lgan kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida xodimlarning lavozimlarini o‘zgartirish (rotatsiya) o‘tkaziladi.
Xodimlar rotatsiyasi, qoida tariqasida, egallab turgan lavozimida uch yil ishlaganidan keyin amalga oshiriladi.
Xodimlarni rotatsiya qilish tartibi Bosh prokuror tomonidan belgilanadi”.
Shu bilan birga “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida“gi qonunning 33-moddasi 2-qismida “Davlat fuqarolik xizmatini o‘tash mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi.
Xususan, boshqa davlat fuqarolik xizmati lavozimiga o‘tkazishni, shu jumladan rotatsiya tartibida o‘tkazishni va xizmat safarlarini, “ya’ni davlat fuqarolik xizmatchisining mehnat shartnomasida ushbu shartlar majburiy tartibda nazarda tutilishi lozim. Ushbu shartlar oddiy (davlat xizmatchisi bo‘lmagan) xodimlarga nisbatan belgilanmasada davlat fuqarolik xizmatchisining mehnat shartnomasidagi majburiy shartlar toifasiga kiradi.
Shu bilan birga yuqoridagi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida“gi qonunning 33-moddasi 1-, 2- va 3-qismlariga asosan “Davlat fuqarolik xizmatchisining rotatsiyasi uning shaxsiy va kasbga oid sifatlarini rivojlantirish, faoliyatining samaradorligini oshirish, rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi.
Davlat fuqarolik xizmatchisining rotatsiyasi uni egallab turgan davlat fuqarolik xizmati lavozimiga teng bo‘lgan boshqa lavozimga o‘z roziligi bilan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Davlat fuqarolik xizmatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida majburiy ravishda rotatsiya qilinishi lozim bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining ro‘yxati belgilanadi. Ushbu lavozimlarni egallab turgan davlat fuqarolik xizmatchilarining rotatsiyasi ularning roziligisiz amalga oshiriladi.
Yuqoridagilardan shuni tushunish mumkinki, davlat fuqarolik xizmatchilarining rotatsiyasi ikki usulda amalga oshiriladi.
Jumladan, davlat fuqarolik xizmatchisi o‘zining roziligi bilan va davlat fuqarolik xizmatchisi roziligini olmasdan rotatsiya qilish.
Ikkinchi usulga asosan davlat fuqarolik xizmatchisining rotatsiyasi davlat fuqarolik xizmatchisining roziligini olmasdan amalga oshiriladi. Lekin ushbu qoida barcha davlat fuqarolik xizmatchilariga nisbatan tatbiq qilinmaydi. Negaki yuqoridagi qonunning 33-moddasi 7-qismiga asosan “Davlat fuqarolik xizmatida rotatsiya qilish tartibi, majburiy ravishda rotatsiya qilinishi lozim bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining ro‘yxati, shuningdek, rotatsiya qilinadigan lavozimlarda bo‘lish muddati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi”.
Afsuski, bugungi kunga kelib bunday lavozimlar ro‘yxati tasdiqlanmagan va qabul qilinmagan. Shuningdek “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida“gi qonunning 22-moddasiga asosan “Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi hamda maxsus vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladi”. Afsuski bugungi kunga kelib “Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri” ham qabul qilinmagan. Yuqoridagilardan kelib chiqib birinchi savolga javob sifatida shuni aytish mumkinki, “Davlat organi (muassasasi) rahbarining “xodimni lavozimidan ozod qilib boshqa organga rotatsiya qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish haqida” tegishli tarkibiy tuzilma rahbarlariga qo‘ygan rezolyutsiyasi huquqiy oqibatlarni yuzaga keltirib chiqarmaydi. Hamda davlat organida xodimga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasi (agar xulosada xodimni lavozimdan ozod qilish, rotatsiya qilish nazarda tutilgan bo‘lsa) rotatsiya qilib bo‘lmaydi. Negaki majburiy rotatsiya qilish uchun yetarlicha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmagan va asoslar mavjud emas.
Ammo Mehnat kodeksining 312-moddasiga asosan xodim tomonidan amalga oshirilgan nojo‘ya xatti-harakat uchun xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari, shuningdek, mehnat shartnomasini bekor qilish tusidagi intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi mumkin.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA