Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi, Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya hamda Yoshlar parlamenti hamkorligida “Mustaqillik – yoshlar nigohida” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Shu kunlarda ko‘p millatli xalqimiz Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida butunlay yangi davrni boshlab bergan unutilmas tarixiy voqea — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik sanasini ko‘tarinki ruh bilan nishonlash uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Barcha yutuqlarimiz omili, kuch-g‘ayrat, g‘urur va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilayotgan Vatanimiz mustaqilligining mazkur shonli sanasini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash maqsadida joriy yil 27 iyul kuni davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatda mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiya vakillari o‘rtasida ahillik va totuvlik muhitini yanada kuchaytirish, jamiyatda tinch va osoyishta hayotni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ahamiyatini chuqur tahlillar, aniq hayotiy misollar yordamida keng jamoatchilikka yetkazish vazifasi belgilangan. Shuningdek, bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayoni “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oya asosida amalga oshirilishi belgilab olindi.
Tadbirda mustaqillik sharofati bilan yoshlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, ayniqsa, so‘nggi olti-yetti yilda yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish, shuningdek, iqtidorli yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘z yuritildi.
—Xalqimiz istiqlolga erishganiga bu yil 32 yil to‘ladi, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmaxamatova. — Mustaqillikka erishish, albatta, oson kechgani yo‘q – mashaqqatli mehnat, millat ziyolilarining boshdan kechirgan murakkab sinovlari, yo‘qotishlar va qurbonlar evaziga bugungi farovon kunlarga erishdik. Istiqlol hadya etgan ne’matlardan har birimiz bahramand bo‘lmoqdamiz. Demak, ana shu hurlik va ozodlikni ko‘z qorachig‘imizdek asrab, kelajak avlodga yetkazish sharafli vazifamizdir.
Davra suhbatida istiqlol yillarida erishilgan yutuqlar, ayniqsa, so‘nggi yetti yilda yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar haqida keng ma’lumotlar berildi.
Mustaqillik taqdim etgan tengsiz imkoniyatlar tufayli ko‘plab yosh iste’dodlar kashf etilgani, so‘nggi yillarda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilgan islohotlar samarasi o‘laroq, bugun Yangi O‘zbekiston yoshlari ilm-fan, ta’lim, madaniyat, san’at, sport sohasida xalqaro darajadagi katta yutuqlarga erishib, yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarayotgani alohida qayd etildi.
Istiqlol mevalari bu – yoshlar. Shu ma’noda yuksak marralar ham, katta maqsadlar ham faqat yoshlarimiz bilimi va salohiyati orqali ruyobga chiqadi. Bu borada keyingi yillarda yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan qisqa davrda ushbu yo‘nalishda 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi. Ayniqsa, yangilangan Konstitutsiyada yosh avlodning huquq va manfaatlari aniq moddalar bilan muhrlab qo‘yilgani, bu boradagi huquqiy bazani yanada kengaytirish, amaliy ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish imkonini bermoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqan yoshlar mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida so‘z yuritdilar.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan davra suhbati davomida yoshlarga qonun loyihalarini ishlab chiqish, ularni Qonunchilik palatasi tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqish, yalpi majlis muhokamalariga tayyorlash va qonun loyihasini qabul qilish jarayonlari xususida so‘zlab berildi. Ular mamlakatimiz parlamenti faoliyatiga oid ko‘plab savollariga javob oldi.
Tadbir ishtirokchilari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlislar zali, kutubxonasi, parlament muzeyi bilan yaqindan tanishdi.
O‘zA