Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan olti oyida Pensiya jamg‘armasi tomonidan 201,2 ming nafar fuqaroga yangi pensiya va nafaqalar tayinlangan. Shundan 146,2 ming nafariga pensiya va 55 ming nafariga nafaqa hisoblab berilgan.
Pensiya jamg‘armasining umumiy ko‘rsatkichlari, amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda fuqarolarning murojaatlari xususida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi To‘lov tizimini rivojlantirish va hisobini yuritish bo‘limi boshlig‘i Abror Xolmatov quyidagilarni ma’lum qildi.
– Jamg‘armaning 2023 yil birinchi yarim yilligidagi haqiqiy xarajatlari jamg‘arma hisobidan 25 857,8 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Har oyda pensiya va nafaqa to‘lovlari uchun talab etilgan mablag‘lar belgilangan muddatlarda moliyalashtirilishi hamda to‘lanishi ta’minlandi. To‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida davlat byudjetidan 5 970 mlrd. so‘m transfertlar ajratildi.
Iyul holatiga pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 4 470 nafarga yetib, aholi sonidagi ulushi 12,2 foizni tashkil qildi. Iyun oyida pensiyalarning bir oylik o‘rtacha miqdori 1 145,9 ming so‘mni tashkil qilib, 2022 yil iyun oyiga nisbatan 107,3 ming so‘mga yoki 9,4 foizga ko‘paygan.
Nafaqalarning bir oylik o‘rtacha miqdori 698,7 ming so‘mni tashkil etdi. Tizimni avtomatlashtirish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish Pensiya jamg‘armasi tomonidan 2023 yil birinchi yarim yilligida 848 ming nafar fuqaroga interaktiv va proaktiv xizmatlar ko‘rsatildi.
Pensiya jamg‘armasi va Majburiy ijro byurosi axborot tizimlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan axborot almashinuvi orqali chegirmalar qo‘yishda inson omili butunlay bekor qilindi hamda jamg‘arma xodimlarining ish samaradorligi oshirildi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 yanvardagi “2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 2023 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshirildi. Farmonga muvofiq, 371 ming nafardan ortiq fuqaroning pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilinib, 2023 yil davomida Pensiya jamg‘armasidan qo‘shimcha ravishda 1,6 trln. so‘mdan ortiq miqdoridagi mablag‘lar ajratiladi.
Shuningdek, Prezidentimizning joriy yil 28 iyuldagi “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, Pensiya jamg‘armasi tomonidan 967 ming nafar pensiya va nafaqa oluvchilarning mablag‘lari 2023 yil 1 avgustdan respublikada rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmagan miqdorlarda qayta hisoblab berildi.
Bundan tashqari, joriy yilning o‘tgan 6 oyi mobaynida 46 758 nafar jismoniy va yuridik shaxslardan kelgan ariza, shikoyat va takliflar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilishi ta’minlandi.
Shu bilan birga, Pensiya jamg‘armasi Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Koreya Respublikasi kabi davlatlar bilan pensiya ta’minoti bo‘yicha shartnoma ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA