Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Innovatsion rivojlanish agentligi axborot xizmati rahbari Hojiakbar Karimov sohaga tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.

Qayd etilishicha, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan 2023 yil I yarim yillik davrida bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning ehtiyojlari hamda muammolarining yechimiga qaratilgan 27 ta tematik mavzular, 2 ta xalqaro loyihalar va 1 ta olima ayollar tanlovlari e’lon qilindi.

Mazkur tanlovlarga 728 ta loyiha kelib tushib, shundan 545 tasiga ijobiy xulosa hamda keyingi bosqichga o‘tkazish uchun tavsiya berildi. 265,7 milliard so‘mlik 100 ta loyiha moliyalashtirildi. 115 ta ekspert jalb etgan holda 333 ta amalga oshirilayotgan loyihalarning monitoringi bajarildi.

Shuningdek, umumiy qiymati 150,15 milliard so‘mlik 140 ta xalqaro qo‘shma loyiha Xitoy, Hindiston, Turkiya, Vengriya, Yaponiya va Belarus kabi davlatlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Umumiy qiymati 112,1 milliard so‘mlik 326 ta ishlanma tijoratlashtirildi. Shundan 68,33 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. 43,78 milliard so‘mlik xizmat ko‘rsatildi. Eron tajribasi asosida 17 ta spin-off korxonalar tashkil qilinishi natijasida 92 turdagi innovatsion mahsulot va 68 turdagi xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari umumiy qiymati 29,9 milliard so‘m bo‘lgan 55 ta startap loyiha moliyalashtirilishi natijasida 385 ta yangi ish o‘rni yaratilib, 8 ta mahsulot eksportga chiqarilmoqda.

Startap ekotizimini takomillashtirish bo‘yicha Vengriya bilan hamkorlikda akselerator dasturi yo‘lga qo‘yildi. Yoshlarni innovatsion faoliyatga keng jalb qilish maqsadida “Startup Pitstop” va “Parvoz” dasturlari yo‘lga qo‘yilib, onlayn treninglar hamda uchrashuvlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, “sooperation.uz” portali orqali startap korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan loyihalar sotuvi yo‘lga qo‘yildi. Startap ekotizimining raqobatbardoshligi bo‘yicha Toshkent shahri 165 pog‘onaga yuqorilab, dunyoning Top-500 shaharlari qatoridan joy oldi.

Joriy yil I yarim yillikda doktoranturaga qabul kvotalari 1,2 barobarga, ya’ni 4 ming 307 taga yetkazildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA