Mavjud tartibga ko‘ra, mamlakatimizda 14 ta yo‘nalish bo‘yicha sirtqi ta’lim uchun qabul bo‘lmaydi.
Boshqa yo‘nalishlar uchun 5 yillik pedagogik staj talab qilinadi. Bunda pedagogika sohasidagi ta’lim yo‘nalishlarida sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qish istagida bo‘lgan shaxslarning ta’lim tizimida kamida besh yillik pedagogik ish stajiga ega ekani “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidagi ma’lumotlar asosida belgilanadi.
Xo‘sh, O‘zbekistonda sirtqi ta’lim shaklidan voz kechilishi mumkinmi?
Mazkur savol yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov quyidagilarni ma’lum qildi.
– Tanqidlarga ko‘ra, atigi ikki oy mobaynida davom etadigan darslarda talabalar kerakli bilimlarga ega bo‘la olmasligi qayd etiladi, –deydi Abduvali Xoliqov. – Bu kabi e’tirozlar qaysidir ma’noda o‘rinli. Aslida sirtqi ta’lim qaysidir sohada faoliyat yuritayotgan, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar uchun joriy etilishi kerak. Lekin mamlakatimizdagi ta’lim muassasalarida ta’limning bu yo‘nalishidan barcha birdek foydalanishi mumkin.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 21 iyundagi “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2023/2024 o‘quv yili qabulidan boshlab pedagogik kadrlar tayyorlovchi OTMlarning mazkur qarorda 1-ilovada ko‘rsatilgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha sirtqi ta’lim shakliga qabul amalga oshirilmasligi belgilab qo‘yilgan.
Qarorga ko‘ra, pedagog kadrlar tayyorlovchi OTM kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan 2-4-bosqich talabalari uchun haftalik o‘quv mashg‘ulotlari “4+2” tartibida, shu jumladan darslarning 4 kuni OTMda, 2 kuni maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tash tartibida olib borilishi ta’minlanishi lozim.
Bugungi kunda sirtqi ta’limda bir o‘quv yilida ikki marta dars o‘tiladi. Boshqa sohalarda ham sirtqi ta’lim shakli uchun mehnat staji talab etilishi rejalashtirilgan. Kelgusida sirtqi ta’limda ma’lum sohada 3 yildan 5 yilgacha vaqt mobaynida faoliyat olib borganlar, umuman biror yo‘nalishda ishlab turganlar o‘qishi mumkin.
Shuningdek, ayrim ta’lim muassasalarida masofaviy ta’lim yo‘nalishi ham joriy etilgan. Masofaviy ta’limda sirtqidek, belgilangan qisqa muddatlarda emas, talabalarga doimiy ravishda kerakli vazifalar yuklatiladi. Sirtqi ta’lim shakli bosqichma-bosqich masofiy ta’limga o‘tkaziladi. Bugun 14 ta ta’lim muassasasida masofaviy ta’lim uchun qabul jarayonlari amalga oshirilmoqda. Masofaviy ta’lim shaklini amaliyotda keng tatbiq etish uchun biz texnik tomondan tayyor bo‘lishimiz kerak. Aytaylik, uzoq hududda yashovchi talabada texnik imkoniyatlar yetarli bo‘lmasa, bu ham o‘qish jarayoniga salbiy ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi. Internetning mavjudligi, tezligi bu borada juda muhim.
Sirtqi ta’lim shakli uzoq yillar davomida to‘xtatib qo‘yilgan edi. Besh yilcha ilgari yana mazkur ta’lim yo‘nalishi qayta tiklandi. Sirtqi ta’lim shaklini rivojlantirish birmuncha vaqt talab etadigan jarayondir. Bugungi kunda ta’limning bu shakli eskirgan tizimga kiradi. Sirtqi ta’lim shaklidan voz kechilishi kerak.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA