O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Unga ko‘ra, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini moliyalashtirish maqsadida 100 million AQSH dollari ajratadi.

Kredit mablag‘lari 5 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori bo‘lmagan miqdorda ajratiladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 2024 yil yakuniga qadar yangi loyihalarni moliyalashtirish ishlarini tashkil qilish maqsadida xalqaro moliya institutlaridan qo‘shimcha 200 million AQSH dollari miqdorida kredit mablag‘lari jalb qiladi.

Markaziy bank 2024 yildan boshlab har yili tijorat banklariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kamida 2 trln so‘m kredit mablag‘ ajratadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanida 100 gektar yer maydonida “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi” tashkil etiladi.

Yoshlar markazi hududida IT-park, loyiha ofislari, startaplar texnoparki, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash “innovatsion guruhlari”, madaniy va ma’naviy markazlar, kutubxona hamda sport komplekslari tashkil etiladi. Yoshlar markazida faoliyat yuritayotgan tadbirkor va yoshlarga “Mening birinchi uyim” loyihasi doirasida ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uy-joylar quriladi.

O‘zA