Ma’lumki, Toshkent shahri Yaponiya hududlari bilan savdo-iqtisodiy, shaharsozlik, turizm, madaniyat, fan va ta’lim sohalarida faol hamkorlik qilib kelmoqda.

Munosabatlarni yanada kuchaytirish va kelgusida ikki tomonlama manfaatli hamkorlik imkoniyatlarini rivojlantirish maqsadida Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov Yaponiyaning Favqulodda va muxtor elchisi Takashi Xatori bilan uchrashdi.

Uchrashuvda janob Xatori samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda olib borilayotgan ochiqlik siyosati va keng islohotlarni e’tirof etdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stona aloqalar hozirgi kunda ham rivojlanib, kengayib borayotganidan mamnunligini bildirdi.

Sh.Umurzoqov Takashi Xatorining yangi lavozimga kirishgani bilan tabriklab, unga davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy, diplomatik, madaniy munosabatlarni mustahkamlashda ulkan muvaffaqiyat tiladi.

Shuningdek, Shavkat Umurzoqov Qatarning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Hasan Hamza Hoshim bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, logistika, turizm, qurilish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

Shavkat Umurzoqov Qatar davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning yurtimizga oliy darajadagi tashrifi doirasida Samarqand shahrida imzolangan Toshkent va Doha shaharlari o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha Anglashuv memorandumi ijrosi yuzasidan “Yo‘l xaritasi”ni tayyorlash, Qatarning biznes delegatsiyalarini Yangi Toshkent shahri loyihalarida ishtirok etishga taklif qilish, Qatarda O‘zbekistonning ziyorat turizmi manzilgohlarini targ‘ib qilish, Toshkent-Doha yo‘nalishida aviareyslarni yo‘lga qo‘yish orqali o‘zaro tashriflar va aloqalar kengayishini ta’minlash, shuningdek, Dohada Toshkent va Toshkentda Doha kunlarini, madaniyat tadbirlarini tashkil etishga qaratilgan ishlarni jadallashtirish borasida fikr bildirdi.

Hasan Hamza Hoshim samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, haqiqatan ham Qatar davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning O‘zbekistonga tashrifi tarixiy tashrif bo‘lgani, bunda 15 dan ortiq shartnomalar imzolangani va juda ko‘p sohalarda o‘zaro aloqalarni rivojlantirishda amaliy ishlar boshlab yuborilganini bildirdi. Hamkorlikning istiqbollari katta ekanligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy muloqotlar davom etishini bildirdi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA