Jamiyatda huquqiy ong va madaniyat shakllanishi huquqiy davlat asoslari mustahkamlanib borishi va odamlarning o‘z haq-huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymasligining zaruriy omillaridan biridir.
Aynan ushbu masalada mas’ul bo‘lgan Adliya vazirligi qanday ishlarni amalga oshirmoqda? Bu savolga Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva javob berdi:
– Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida adliya organlari tomonidan joriy yil birinchi yarmida 200 mingdan ortiq targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Aholini qiynab kelayotgan muammolar hamda eng ko‘p berilayotgan savollarning huquqiy yechimlari bo‘yicha mas’ul davlat organlari mutaxassislari bilan birgalikda 450 dan ortiq maxsus videoroliklar ishlab chiqilib, videoteka shakllantirildi va ular vazirlikning YouTube ijtimoiy tarmog‘iga joylashtirildi.
Mazkur videoroliklarda fuqarolar uchun dolzarb hisoblangan kommunal to‘lovlar, moddiy yordam, uy-joy ajratish, subsidiya, soliq munosabatlari, himoya orderi olish, fuqarolikni qabul qilish, uni tiklash yoki undan chiqish hamda boshqa huquqiy muammolar to‘g‘risidagi mavzular bo‘yicha ma’lumotlar aks etgan.
Shu bilan birga, hafta davomida qabul qilingan, davlat va jamiyat hayoti uchun muhim qonunchilik hujjatlari bo‘yicha “Qonunchilikdagi yangiliklar” rukni ostida videoroliklar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqatilmoqda.
Aholiga huquqiy axborotlarni, shu jumladan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun-hujjatlarining mazmuni va mohiyatini yetkazish maqsadida “Adliya sayllari” shiori ostida huquqiy targ‘ibot tadbirlari tashkil qilindi.
Tadbirlarda huquqiy mavzuda to‘rt mingdan ortiq nusxadagi buklet, flayer, infografika va boshqa turli shakllardagi materiallar tarqatildi. Tadbir davomida 350 dan ortiq murojaat qabul qilinib, ularning ayrimlari joyida hal qilindi. Tadbirga yuz mingdan ortiq fuqaro jalb qilinib, adliya organlari va muassasalari, davlat xizmatlari markazi xodimlari, notariuslar va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda huquqiy yordam va tushuntirishlar berildi.
“Mehnat huquqlarimizni o‘rganamiz” aksiyasi doirasida korxona, muassasa, tashkilot xodimlariga qonunchilik tushuntirildi hamda mehnat sohasidagi aholi muammolari yuzasidan sayyor qabullar tashkil qilindi.
Aksiya doirasida adliya organlariga besh mingga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lsa, hududiy adliya organlari tomonidan ushbu murojaatlarning 62,2 foizi qanoatlantirildi. Qolganlari bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi, ayrimlari tegishliligiga ko‘ra vakolatli organlarga yuborildi.
“Inson qadri uchun” tamoyili asosida “Inson huquqlari oliy qadriyat” huquqiy aksiyasi o‘tkazildi. Aksiya doirasida adliya organlari tomonidan 5 mingga yaqin huquqiy targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.
Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha tadbirlarni monitoring qilish va baholash to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, adliya organlari har olti oyda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida huquqiy targ‘ibot tadbirlari holatini monitoring qilib bormoqda.
Mazkur jarayonlarni yanada soddalashtirish, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ma’lumotlarni taqdim etishda ortiqcha qog‘ozbozlikni yanada qisqartirish maqsadida http://htb.huquqiyportal.uz elektron platformasi ishga tushirildi.
Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlari elektron platformaga joylashtirilgan ma’lumot asosida tahlil qilinmoqda.
Tahlil natijalariga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi 97, Mudofaa vazirligi 70,6, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 60,4, Bojxona qo‘mitasi 93,1, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 86, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 46,2, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi 51,3, Kadastr agentligi 39,6, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi 36,4, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi 26,9 ballga ega bo‘ldi. Mazkur tashkilotlar samarali faoliyat olib borayotgani aniqlandi.
N.Abduraimova, O‘zA