Ijtimoiy tarmoqlarda JSST tomonidan Hindistonda ishlab chiqarilgan “Cold Out“ yo‘tal va shamollashga qarshi zaharli sirop xavfidan ogohlantirish xabarlari tarqalmoqda.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, “Cold Out“ siropi “Fourrts Laboratories” (Hindiston)  tomonidan “Dabilife Pharma” uchun ishlab chiqarilgan bo‘lib, uning tarkibida toksinlar borligi qayd etilgan.

Shuningdek, Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur dori vositasi Iroqda o‘tkazilgan alohida sinovlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragach, erkin savdodan qaytarib olingan.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Hindistonning “Fourrts Laboratories” tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur dori vositasi O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganini ma’lum qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan yurtdoshlarimiz xavotirga tushmasliklarini bildirmoqda.

Ta’kidlash joiz, 2023 yil fevral oyidan boshlab, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan va mamlakatimizga kirib kelayotgan sirob shakldagi dori vositalari tarkibi dietilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG) zaharli moddalari bo‘yicha chuqur tekshirilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bu borada qat’iy nazorat o‘rnatilgan.

 

O‘zA