Toshkentda O‘zbekiston va Ozarbayjon Respublikalari Energetika vazirliklari qo‘shma ishchi guruhining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri o‘rinbosari A.Jumanazarov va Ozarbayjon Respublikasi energetika vaziri o‘rinbosari S.Veliyev ishtirok etdi.

Mazkur ishchi guruh Ozarbayjon Prezidentining 2022 yil iyun oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumiga muvofiq tashkil etildi.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan 2022 yil avgust oyida imzolangan “Yo‘l xaritasi”sining ijrosi ko‘rib chiqildi hamda tomonlar uning har bir bandi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

“Yo‘l xaritasi” qayta tiklanuvchi energiya manbalari va DXSH asosidagi loyihalarni amalga oshirish, energiya samaradorligi, elektr hamda issiqlik energiyasi ishlab chiqarish, investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlari, neft va gaz kimyosi, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, institutsional islohotlar, kadrlar tayyorlash sohasida tajriba almashish kabilarni o‘z ichiga oladi.

Muhokamalar yakuni bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” doirasidagi ishlarning bajarilishi qoniqarli, deb topildi va hamkorlik yo‘nalishlarining kengayganini hisobga olib, tomonlar yangi “Yo‘l xaritasi”sini ishlab chiqib, avgust oyi so‘ngida Ozarbayjon Respublikasiga kutilayotgan tashrif davomida imzolashga kelishib oldi.

Shuningdek, uchrashuvda ikki davlat Energetika vazirliklari tomonidan ishlab chiqilgan hukumatlararo bitim hamda “O‘zbekneftgaz” AJ va “SOSAR” o‘rtasidagi kelishuvlar bo‘yicha hujjatlar loyihalari muhokama qilindi,  deyiladi Energetika vazirligi Axborot xizmati xabarida.

 

N. Ziyodullayeva tayyorladi,  O‘zA