O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, fuqarolarga “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish faqat mahalliy turoperator tomonidan amalga oshiriladi.

Turoperatorlar uchun “Umra” xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etiladi:

100 ming AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘larni O‘zbekistonRespublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish hamda ushbu mablag‘larning yetarli miqdorini ta’minlab borish;

“Umra” xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlash;

“Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishi;

“Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatmaslik;

“Umra” xizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.

Turoperator tomonidan Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yiladigan 100 ming AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘lardan “Umra” xizmatlarini sifatsiz ko‘rsatishidan jabr ko‘rgan ziyoratchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar o‘rnini qoplash uchun sud qaroriga muvofiq foydalaniladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi va O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator murojaati asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisini ziyoratchilarga guruh rahbari (ellikboshi) sifatida jalb etish bo‘yicha mas’ul.

Mutaxassis (ellikboshi)ning ziyoratchilar guruhlariga rahbarlik qilishi bilan bog‘liqxizmati beg‘araz amalga oshiriladi, uning safar xarajatlari (transport, mehmonxona, oziq-ovqat, sug‘urta, viza to‘lovlari va boshqalar) “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator tomonidan qoplanadi.

Mutaxassis (ellikboshi) “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorning so‘roviga ko‘ra O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan uch ish kunida ajratiladi.

1 nafar guruh rahbariga 50 nafardan oshmagan ziyoratchilar guruhi biriktiriladi.

“Umra” xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyat ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida O‘zbekistonRespublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasio‘z rasmiy veb-saytida “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar reytingini shakllantirish axborot modulini ishga tushiradi.

2023 yil 1 oktyabrdan boshlab “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etiladi.

Ushbu reytingdagi “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlarning o‘rni jamoatchilik tomonidan ochiq ovoz berish, ushbu tashkilotlar xizmatlaridan avval foydalangan fuqarolar (sayyohlar) bilan o‘rnatilgan qayta aloqa (jumladan, ijtimoiy tarmoqlar orqali) natijalariga ko‘ra aniqlanadi,

Qaror 2023 yil 1 noyabrdan boshlab amal qila boshlaydi.

                                                                                                            O‘zA