Butun dunyoda iqlim o‘zgarishi, ayniqsa, qurg‘oqchilik yuzaga kelayotgani, hayot manbai bo‘lgan ichimlik suvi tanqisligi tobora ortib borayotgani hech kimga sir emas. Bu muammo mintaqamiz, xususan, O‘zbekistonga ham begona emas.
Aytish mumkinki, mintaqamizning keyingi taraqqiyoti, hech shubhasiz, suv omiliga bog‘liq. Davlatimiz rahbari ham bunga alohida urg‘u beryapti. Bizga jamiyat va davlat imkoniyatlarini to‘liq safarbar qiladigan, barcha uchun birdek maqbul, manfaatli va mas’uliyatli suv siyosati kerak. Bu borada normativ-huquqiy bazani takomillashtirish – birinchi galdagi vazifa.
Oliy Majlis Senati bu masalani o‘rganib, tahlil qilish barobarida sohaga oid muammolar yechimi ustida ish olib bormoqda.
Senat kengashi, Senat yalpi majlisida suv bilan bog‘liq masala chuqur tahlil qilingan holda ko‘rib chiqildi.
Senat raisi Tanzila Norboyevaning fikricha, raqamli va ilmiy jihatdan asoslangan tejamkor texnologiyalarni keng joriy etmasdan turib suv muammosini hal qilib bo‘lmaydi. Qolaversa, suvni asrab-avaylash tarbiyamizning ajralmas qismiga aylanishi shart. Birinchi navbatda odamlarimiz, ayniqsa, yosh avlodning ekologik madaniyatini shakllantirish zarur.
Senat kengashining yaqinda bo‘lib o‘tgan majlisida suv resurslaridan tejamli foydalanish sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasi o‘laroq, o‘tgan asrning 90 yillariga nisbatan suv sarfi yiliga 64 mlrd. metr kubdan hozirgi kunda o‘rtacha 51 mlrd. metr kubgacha kamaytirilgani qayd etildi. Shuningdek, oldinlari har bir gektar sug‘oriladigan maydonga o‘rtacha 16 ming metr kub suv ishlatilgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 10 ming metr kubgacha tushirildi. Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishni rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etilgan.
Biroq, amalga oshirilgan va erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda sohada hal qilinishi lozim bo‘lgan qator muammolar saqlanib qolmoqda.
Jumladan, mamlakatimizda olinadigan chuchuk suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligida foydalanilib, har gektarga suv sarfi texnologik ilg‘or davlatlarga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘p. Irrigatsiya tizimlaridagi nosozliklar tufayli ekin maydonlariga suv yetkazib berishda sezilarli yo‘qotishlar bor.
Qishloq xo‘jaligida sug‘orishda juda katta miqdordagi suv filtratsiya, bug‘lanish hamda ortiqcha suv sarfi orqali yo‘qotilmoqda. Suvdan foydalanishning eskirgan usul va vositalari hamon qo‘llanilmoqda.
Suvni boshqarish, undan foydalanish sohasi hamda suv xo‘jaligi ob’ektlari to‘liq raqamlashtirilmagan. Ichimlik suvidan boshqa ehtiyojlar uchun foydalanish keng tarqalgan.
Umuman olganda, suvdan foydalanish madaniyati ham yetarli darajada emas. Suvni asrash va undan oqilona foydalanish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlari sustligi natijasida jon boshiga suv sarfi miqdori ortiqligicha qolmoqda.
Yuzaga kelgan vaziyat zudlik bilan suv resurslarini muhofaza qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanish, suvni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, sohaning qonunchilik bazasini mustahkamlashga oid masalalarda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, suv resurslarini boshqarish, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, baliqchilik, iqtisodiyot tarmoqlarida suvdan foydalanish, sohada innovatsion texnologiyalarni qo‘llash, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish va ularni rag‘batlantirish yo‘nalishlarida muammolar mavjud.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, yuzaga kelgan muammoni zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohaga tegishli vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruh shakllantirildi.
Ishchi guruh tomonidan, Suv resurslarini muhofaza qilish, undan oqilona va samarali foydalanish, suvni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, sohaning qonunchilik bazasini mustahkamlash masalalari yuzasidan barcha soha va tarmoqlardagi muammolar va ularni hal qilish qamrab olingan, muddatlari va amalga oshirish mexanizmlari hamda mas’ullari aniq ko‘rsatib o‘tilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Chora tadbirlar rejasida sug‘orishda suvdan foydalanish koeffitsiyentini 90-95 foizga yetkazish, an’anaviy sug‘orish usullaridan voz kechgan holda tomchilatib va boshqa suv tejovchi texnologiyalarini qo‘llashni yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, suvdan foydalanish bo‘yicha yangi vositalar va texnologik yechimlarni topishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish va ularni rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Aholining suvdan oqilona foydalanish, ichimlik suvidan boshqa maqsadlarda foydalanmaslik, suvni ifloslantirmaslik bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishga e’tibor qaratiladi.
Yer osti suv resurslarini tahliliy aniqlash hamda muqobil suv manbalaridan (buloq, quduq, hovuz, yer osti suvlari va boshqalar) samarali foydalanish choralarini ko‘rish kun tartibiga qo‘yilmoqda.
Sohadagi qonun va qonunosti hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish, ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash ustida ish olib boriladi. Oqova suv tozalash inshootlari ish samaradorligini oshirish ishlari tashkil etiladi. Ichimlik suvidan foydalanish yuzasidan nazorat kuchaytiriladi.
Bunda maishiy-texnik ehtiyojlar uchun alohida suv tarmoqlarini joriy qilish choralari ko‘riladi. Eng muhimi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suvga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, uni asrab-avaylashni targ‘ib qilish ishlarini yangi bosqichga olib chiqishga harakat qilinadi.
Aytib o‘tish kerakki, Senatda aholini tashvishga solayotgan masalalarni muhokama qilish, respublika darajasida yechiladigan masalalarni yalpi majlislarga olib chiqib, hal etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Senatning qirq uchinchi yalpi majlisida ushbu masala bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlarining chora-tadbirlar rejasi yuzasidan bajarishi lozim bo‘lgan vazifalar to‘g‘risidagi axborotlari eshitildi.
Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya hamda Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitalari chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarning ijrosini doimiy monitoring qilib boradigan bo‘ldi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof-muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi ob’ektlariga salbiy ta’siri o‘rganildi.
Ushbu sohada ko‘plab muammolar borligi inobatga olinib, hukumatga parlament so‘rovi yuborilgan. Ayrim masalalar dolzarbligi inobatga olinib, parlament so‘rovi alohida nazoratga olingan.
Senat raisi T.Norboyeva so‘rov bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan bo‘lsada, ko‘p masalalar hamon dolzarbligicha qolayotganini qayd etdi.
– Senatorlarimiz joylarda bo‘lib, real holatni o‘rgandi, – dedi Tanzila Norboyeva. – Aytish kerakki, parlament so‘rovi doirasidagi ishlar holati kutilganidek emas. Og‘ir ahvoldagi Chirchiq, Zarafshon, Oqdaryo, Qashqadaryo, Sangzor va Qoradaryo daryolaridan sanoat miqyosida qum-shag‘al qazib olishga moratoriy e’lon qilish masalasi e’tiborsiz qoldirilganini qanday tushunish mumkin?!
Hududlarda qum-shag‘alni faqat daryodan olavermasdan boshqa joylardan ham olish mumkin, jumladan, tog‘li hududlarda alohida sanoat zonalarini tashkil etish masalasini hal qilish zarur.
Bularning barchasi alohida bir vazirlik yoki hokimlik tomonidan emas, balki kengroq darajada hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalardir. O‘zi, umuman, parlament so‘rovi muayyan muammoga nisbatan davlat organi, uning mansabdor shaxsining nuqtayi nazarini bilish uchun yuboriladi. Lekin, taqdim etilgan ma’lumotlar ushbu yo‘nalishdagi asoslantirilgan, aniq nuqtayi nazarni bilish imkonini bermayapti.
“Agar moratoriy e’lon qilish maqsadga muvofiq bo‘lmasa, alohida sanoat zonalari tashkil etish qiyin bo‘lsa yoki so‘rovda ko‘tarilgan boshqa muammolarni hal qilishda real qiyinchiliklar bo‘lsa, mas’ullar bularni asoslab, ochiq aytishi, muqobil mexanizmlar ustida bosh qotirishi kerak emasmi?! Parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalarni alohida normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish orqali emas, balki qandaydir idoralararo hujjatlar bilan hal qilishga urinishniku mutlaqo tushunib bo‘lmaydi. Axir gap daryolar, ya’ni suv haqida ketar ekan, bu boradagi muammo yechimini keyinga qoldirib bo‘lmaydi. Zero, bu muammo, ayniqsa, bizning bugungi sharoitimizda borgan sari yanada dolzarblashib boryapti. Bu haqda jamoatchilik ham, parlament ham, takror-takror gapirmoqda. Shu bois parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar yechimi hal etilishi kerak”, dedi Senat raisi.
Xulosa qilib aytganda, suv bilan bog‘liq muammolar shunchaki tanqid qilinadigan, keyin ko‘z yumib yuborilsa ham hech narsa o‘zgarmaydigan oddiy masala emas. Axir suv – hayot manbai. Suvsiz na inson, na tabiat yashay oladi. Qolaversa, asosan dehqonchilik, bog‘dorchilikka asoslangan qishloq xo‘jaligining mavjudligi ham suv zaxiralariga bog‘liq. Shunday ekan, suv bilan bog‘liq muammolarga panja orasidan qarashga hech kimning haqqi yo‘q.
Norgul Abduraimova,
O‘zA muxbiri