Sudyalar oliy kengashi – sudyalar hamjamiyati oliy organi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadi.

Shu bilan birga sudyalarni lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalari ham kengash vakolatiga kiradi.

Joriy yil birinchi yarmida mazkur tizimda qanday ishlar amalga oshirildi? Bu savolga Sudyalar oliy kengashi axborot xizmati rahbari Tursunali Akbarov javob berdi:

– Kengash o‘z faoliyatida ochiqlik prinsipiga rioya etgan holda  professional sudyalar korpusini shakllantirishga harakat qilmoqda. Sudyalik lavozimlariga tanlash va tayinlash jarayoniga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilgan.  Tayinlovlarni ochiq tanlov shaklida o‘tkazish orqali shaffoflik ta’minlanmoqda.

Sudyalarni tayinlash, joy-joyiga qo‘yish, bo‘sh lavozimlar uchun ochiq va oshkora o‘tkazilgan tanlovlar natijasida  o‘tgan olti oyda 133 nafar nomzod sudyalik lavozimiga tayinlandi. Ularning 55 nafari sudyalik lavozimida bo‘lishning navbatdagi 10 yillik muddatiga, 3 nafari muddatsiz davrga, 72 nafari vakolat muddati davriga yuqori va boshqa sudyalik lavozimlariga, 3 nafar nomzod ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlandi.

Ochiq tanlovlarda vakolat muddati tugagan 6 nafar sudya navbatdagi muddatga noloyiq, deb topildi.

Sudyalik lavozimiga tanlov va tayinlovlarda gender tenglikni ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan qisqa davrda sohada faoliyat yuritayotgan ayol sudyalar soni ko‘payib, 181 nafarga yetdi. Ularning 26 nafari tizimda rahbarlik lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida bugungi kunda 139 nafar sudyalikka nomzod tahsil olmoqda.  O‘tgan olti oyda ushbu dargohda 107 nafar sudya, 84 nafar sud xodimi malaka oshirdi.

Sudyalar faoliyatiga aralashish, ularning daxlsizligiga ta’sir o‘tkazishga urinish holatlari bo‘yicha Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan Bosh prokuraturaga uchta taqdimnoma kiritildi. Buning natijasida bitta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, ikkita holat o‘rganilmoqda.

Faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 128 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortildi.

Bundan tashqari 12 nafar sudya odil sudlovni amalga oshirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani hamda Sudyalar odobi kodeksi talablariga rioya etmagani uchun, 11 nafar sudya o‘z arizasiga ko‘ra, bir nafar sudya boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan (jami 22 nafar sudya) lavozimidan ozod qilinib, vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan.

Sudyalar oliy kengashi tomonidan ishga tushirilgan sudyalar faoliyati samaradorligini ochiq va shaffof baholash bo‘yicha milliy elektron reyting dasturi inson omilisiz ularning faoliyatini xolis baholashga xizmat qilmoqda.

Reyting ko‘rsatkichlari va samaradorlik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan 20 nafar sudya Prezident farmoni asosida ta’sis etilgan “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlandi.

37 nafar sudya va sud faxriylariga “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi. Samaradorlik ko‘rsatkichi qoniqarsiz (56 balldan past) bo‘lgan 27 nafar sudyaning malakasini oshirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rildi.

“Ijodkor sudyalar klubi” tashkil etildi. Ayni paytda badiiy ijod bilan ham shug‘ullanib kelayotgan sudyalarning asarlaridan iborat to‘plam tayyorlanmoqda.

Sudyalar uchun “Ibrat maktabi” sifatida tizimda uzoq yillar halol va samarali faoliyat ko‘rsatgan tizim faxriylarining hayoti va faoliyatidan hikoya qiluvchi “Uch mashhur o‘zbek ayoli”, “Munosib yashamoq baxti” kitoblari nashr etilgan edi. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

Aytib o‘tish kerakki, joriy yilda Sudyalar oliy kengashi Sudyalar malakasini oshirish xalqaro tashkiloti (IOJT)  a’zoligiga qabul qilindi.

Xalqaro ayol sudyalar assotsiatsiyasining XVI konferensiyasida tizim tarixida birinchi marta O‘zbekiston ayol sudyalari delegatsiyasi ishtirok etdi. Yakunda o‘zbekistonlik uch nafar ayol sudya mazkur xalqaro tashkilot a’zoligiga qabul qilindi.

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA