Ma’lumki, mamlakatimizdagi yiliga amalga oshirilayotgan4 marotaba pilla parvarishlash metodikasi ko‘plab davlatlarda qiziqish uyg‘otmoqda va mazkur tajribani o‘zlarida qo‘llash istagini bildirganlar soni ortib bormoqda.
Xususan, mazkur taklif bilan murojaat qilayotgan davlatlar qatorida Turkmaniston Respublikasi Markaziy Osiyo davlatlari orasida uchinchisi hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi O.Jumayev va Turkmaniston Respublikasidan tashrif buyurgan investorlar bilan hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mehmonlarga O‘zbekiston pillachilik tarmog‘idagi asosiy ko‘rsatkichlar, klaster tizimining joriy qilinishi, uning ishlash prinsiplari, davlat tomonidan sohaga berilgan imtiyozlar haqida tushuntirib o‘tildi hamda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi qardosh Turkmaniston xalqiga bu borada yordam berishga tayyor ekanligi ta’kidlandi.
—Bizning maqsadimiz pillachilikdagi “o‘zbek modeli” asosida tajriba orttirib, pilla yetishtirishning o‘ziga xos sirlarini o‘rganishdan iborat, — dedi turkmanistonlik investor M.Berdiyev. —Shuningdek, buni o‘zimizda joriy qilish hamda yo‘qolib borayotgan pillachilik an’analarini qayta tiklash va eng asosiysi, ushbu soha orqali daromad olishni keng yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz.
Uchrashuv so‘ngida kelgusida ikki tomonlama hamkorlik memorandumlarini imzolash, tajriba orttirish maqsadida turkmanistonlik mutaxassislarni O‘zbekistonga tashrifi masalalari yuzasidan kelishib olindi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA