AQSH sobiq Prezidenti Donald Tramp o‘z tarafdorlariga murojaatida uch jinoiy ish bo‘yicha unga jami 561 yillik qamoq jazosi berilishi mumkinligini aytdi.
“Egri Jo (Tramp Prezident Baydenni shunday ataydi)ning korrupsiyaga uchragan Adliya vazirligi menga qarshi yana noqonuniy ayblov qo‘ymoqda. Ma’lumotga ko‘ra, so‘lchilarning jodugarga qarshi ovi natijasida meni jami 561 yillik qamoq jazosi kutmoqda. Bu bir insonning olti hayoti, degani. Kimningdir birovni olti umrlik qamoq jazosiga mahkum etmoqchi bo‘lishi uning sarosimaga tushib qolganini ko‘rsatadi”, mazmunidagi bayonotni tarqatdi Tramp saylov oldi qarorgohidan.
Sobiq yetakchi o‘z tarafdorlarini “Amerikaning tobora zulm botqog‘iga kirib ketayotgan tiranlariga qarshi vazminlik bilan kurash” kampaniyasiga qo‘shilishga chaqirdi. AQSH siyosatida keng tarqalgan amaliyot sifatida uning kampaniyasiga xayriya qilishni taklif etdi.
“Agar siz Jo va Vashington botqog‘i amaldorlari siyosati tufayli moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan bo‘lsangiz, xayriya haqida o‘ylamang”, deya qo‘shimcha qilgan Tramp.
Kuni kecha Trampga qarshi 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyaga uyushtirilgan hujum munosabati bilan ayblov e’lon qilindi. Avvalroq unga moliyaviy firibgarlik va maxfiy hujjatlar bilan noto‘g‘ri munosabatda bo‘lish aybi qo‘yilgan edi.