Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani hamda Nukus shahridagi Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazida media-tur tashkil etildi.

Anjumanda vazirlik bo‘lim mudirlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari hamda Nukus shahridagi “Ishga marhamat!” monomarkazi xodimlari ishtirok etdi. Ta’kidlanganidek, o‘tgan davrda respublikada 92 ming 832 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan. Jumladan, vazirlik va bo‘limlarga ish so‘rab murojaat qilgan 17 ming 926 nafar fuqaro ishga joylashtirilib, 4 ming 907 nafar fuqaro jamoat ishlariga jalb qilindi va ularga 4,2 milliard so‘m berildi. Bundan tashqari, 1 ming 538 ishsiz fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi. 98 marotaba “Mehnat yarmarkasi” tashkil etilib, natijada 1 ming 800 fuqaroning bandligi ta’minlandi. 510 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi.

Shuningdek, jazoni o‘tash joylaridan ozod qilingan va jazoni o‘tab kelgan 155 nafar, harbiy xizmatdan qaytgan 57 nafar, nogironligi bo‘lgan ishga layoqatli 827 nafar, 6 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslar hamda 1 ming 926 nafar aliment to‘lovchining bandligi ta’minlandi. “Ayollar daftari”da ro‘yxatda bo‘lganlar bandlik ko‘rsatkichi esa 22 ming 790 nafarni tashkil etdi. 2023 yilning o‘tgan oyida vazirlik tomonidan ish beruvchilar tufayli noqonuniy ishdan bo‘shatilgan 50 nafardan ortiq fuqaro ishga qayta tiklandi, 90 nafar fuqaroning ish haqlari undirildi. Ish vaqtida baxtsiz hodisa tufayli jarohat olgan yoki vafot etgan 10 nafar fuqaroning oilasiga 1,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga, tadbirkorlikka o‘qitish borasida Nukus shahar “Ishga marhamat” monomarkazida 1 ming 653 nafar fuqaro maxsus sertifikatga ega bo‘ldi va shundan 1 ming 121 nafarining bandligi ta’minlandi.

Ellikqal’a, Taxiatosh va Nukus tumanlarida tashkil etilgan markazlar, ularning 14 tumandagi 39 maskanida esa 869 nafar ishsiz fuqaro kasbga o‘qitilib, 309 nafari doimiy ishga joylashtirildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston mahallalariga qaratilayotgan katta e’tibori natijasida respublikadagi jami 452 mahalla fuqarolar yig‘inini obodonlashtirish hamda faollarni rag‘batlantirish uchun har bir mahallaga 500 million so‘mdan mablag‘ yo‘naltirilib, ko‘cha boshlari, ko‘cha boshi ayollari va ko‘cha sardorlari instituti joriy qilindi.

Shu kuni Nukus shahridagi qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markaziga media-tur tashkil etildi. Markaz ayni paytda ishsiz yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ayniqsa, chet davlatda qurilish sohasida ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 300 nafar tinglovchiga mo‘ljallangan markazda bugungi kunda qurilish sohasidagi 13 yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunar o‘rgatilmoqda. 2023 yilning 1 aprel holatiga ko‘ra markazga 1 ming 756 nafar fuqaro qamrab olinib, shundan 1 ming 612 nafar tinglovchi o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlab, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga ega bo‘ldi. Ayni paytda markazda navbatdagi qabul jarayonlari davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA