Turkiya va Rossiya Prezidentlari Rejep Tayyip Erdog‘an va Vladimir Putin telefon orqali muloqotda Ukraina atrofidagi ziddiyatni muhokama qildilar.
“Anadolu” agentligi xabariga ko‘ra, Turkiya rahbari inqirozni keskinlashtiradigan holatlardan voz kechishga chaqirgan. Erdog‘an rus hamkasbiga o‘rmon yong‘iniga qarshi kurashda foydalanish uchun yetkazib berilgan “Be-200CHS” amfibiya samolyotlari uchun minnatdorlik bildirgan.
Turkiyaning qator viloyatlari, xususan, Antaliya va Mugla kurortlarida iyul oyidan beri o‘rmon yong‘ini davom etmoqda.
Erdog‘an bayonotiga ko‘ra, ikki davlatning turizm sohasini rivojlantirishna qaratilgan sa’y-harakati natijasida bu yil rossiyalik sayyohlarning Turkiyaga kelishi bo‘yicha rekord natijaga erishiladi.
2022 yil ushbu mamlakatga kelgan 44,6 million xorijlik sayyohdan 5,2 millioni rossiyalik edi.
Shuningdek, ikki davlat yetakchilari Putinning Turkiyaga ziyoratiga oid masalani ham ko‘rib chiqdilar.