“Misr bugun” – “Almasryalyoum” nashri xabar berishicha, ikki davlat elchilari Misr ishbilarmonlar uyushmasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi qo‘shma ishbilarmonlar kengashini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi onlayn imzolanishi marosimida ishtirok etdilar.

Tegishli bayonnomani Misr ishbilarmonlar uyushmasi direktorlar kengashi raisi Ali Issa va mamlakatimiz Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov imzoladi.

Hujjat imzolanishi arafasida Qohiradagi elchimiz Mansurbek Qilichev Misr O‘zbekiston mahsulotlarining Afrika bozoriga kirish eshigi ekanini ta’kidlab, sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar birgalikda amalga oshirilishini ta’kidladi. Shuningdek, ishbilarmon doiralar va Qo‘shma ishbilarmonlar kengashi a’zolari o‘rtasidagi muzokaralar ichki savdoni, qo‘shma investitsiyalar hajmini oshirish yo‘lida muhim ko‘prik bo‘lishini urg‘uladi.

M.Qilichev O‘zbekiston Prezidentining joriy yil fevral oyida Misrga amalga oshirgan rasmiy tashrifi hamda Misr va O‘zbekiston rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona munosabat iqtisodiy aloqa samaradorligi ko‘rsatkichini 3,5 barobar oshirishga xizmat qilganini ta’kidladi.

Ishbilarmonlarimiz Port-Saidda sanoat-savdo markazi tashkil etish, mahsulotlarni Afrika mintaqasiga tarqatish uchun omborlar qurishga tayyor ekani, elchixona ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik va o‘zaro manfaatdorlikni oshirish uchun bor kuch, imkoniyatni ishga solayotgani tasdiqlandi.

Misr Arab Respublikasining Toshkentdagi Favqulodda va muxtor elchisi Amira Fahmiy xonim o‘z navbatida ikki mamlakat sarmoyaviy va savdo salohiyati bilan tanishish imkonini beruvchi hududlararo tashriflar tashkil etish orqali hamkorlikni yanada rivojlantirishga ko‘maklashishini aytib, Misr – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi tashkil etilayotganini olqishladi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA