Shu kunlarda Germaniya Federativ Respublikasi Ichki ishlar va vatan vazirligi huzuridagi migratsiya masalalari bo‘yicha hukumat maxsus vakili Yoaxim Shtamp boshchiligida delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Mehmonlar turli vazirlik, idoralarda uchrashuvlar o‘tkazyapti. Kuni kecha delegatsiya a’zolari Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” mono markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Majmuada mehmonlar kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev bilan muloqot qilishdi.
Samimiy ruhda kechgan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida sohada amalga oshirilgan ishlar, istiqboldagi rejalar yuzasidan fikr almashildi.
Jumladan, Germaniyada ishlash istagini bildirgan fuqarolarimizga nemis tilini o‘rgatish, ularni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha yangi loyihalar ishlab chiqish, Germaniyada Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasini ochish kabi yo‘nalishlarda muzokara olib borildi.
Mehmonlar O‘zbekistonda qonuniy va xavfsiz migratsiyani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, yaratilgan shart-sharoit bilan tanishdi. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, so‘nggi 2 yil ichida Agentlik Germaniyaning 13 kompaniyasi bilan tibbiyot, qurilish, ishlab chiqarish, logistika, axborot texnologiyalari, mehmonxona sohalarida fuqarolarimizni ushbu davlatda ishga joylashtirish bo‘yicha shartnoma tuzgan.
Mazkur kelishuvlar doirasida joriy yil boshidan buyon 300 dan ziyod yurtdoshimiz GFRga uyushtirilgan holda ishga jo‘natildi. Joriy yil yakuniga qadar yana 300 nafarga yaqin fuqaro ishga yuboriladi.
Muloqot davomida mehnat migrantlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, ayni yo‘nalishda ikki tomon uchun ham manfaatli loyihalar amalga oshirishga doir taklif, mulohazalar bildirildi.
G.Sattorova, O‘zA