Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va oldini olish yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan 2023 yil birinchi yarmida qanday ishlar amalga oshirildi?

Bu savolga Ombudsman axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova javob berdi:  

– Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 348 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirildi. O‘tgan yil shu davrda bu ko‘rsatkich 156 marotabani tashkil etgan.

Hisobot davrida 113 jazoni ijro etish koloniyasi, 81 tergov hibsxonasi, 43 vaqtincha saqlash hibsxonasi, narkologiya markazi 31 ta filiali, 27 maxsus qabulxona, “Saxovat” va “Muruvvat” uylari, reabilitatsiya markazlari, ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari, 8 ichki ishlar organlari hamda mastlik holatida bo‘lganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari o‘rganilgan.

Ombudsman boshchiligida o‘tkazilgan monitoring tashriflarida Jamoatchilik guruhlari tarkibida xalqaro va mahalliy NNT, OAV, bloger, psixolog, pedagog va tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.

Monitoring tashriflari davomida 7 mingga yaqin mahkum va mahbus bilan jamoaviy hamda 2 ming 417 nafar, ya’ni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 66,6 foizga ko‘proq mahkumlar (mahbuslar) bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Monitoring tashriflari davomida ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, mehnat qilish hamda tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, saqlanayotgan shaxslar uchun olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotgani va boshqa shu kabi holatlar o‘rganildi.

Qolaversa, Mintaqaviy vakillar tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida joylardagi mutasaddi organlar va tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda sayyor qabullar, tibbiy ko‘rik va boshqa tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili tomonidan Qo‘ng‘irot tumanidagi 27-son manzil-koloniyasida mahkum va mahkumalar uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan “Hunarmand” uyushmasi Namangan viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda Pop tumanidagi 6-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar uchun “Ustoz-shogird an’anasi” asosida hunarmandchilikning “Metall buyumlarni yasash” yo‘nalishi bo‘yicha ikki oylik o‘quv kursi tashkil etildi. Mazkur o‘quv kursini tamomlagan 56 nafar mahkumga sertifikatlar topshirildi.

Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakilining tashabbusi bilan viloyatdagi koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan yosh mahkumlar orasida intellektual musobaqalar  o‘tkazildi.

Monitoring tashriflari davomida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha joriy yilning birinchi yarmida Ombudsman tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralarga beshta talabnoma, uchta taqdimnoma, uchta xulosa va uchta tahliliy axborot hamda Oliy Majlis palatalariga ikkita  tahliliy ma’lumotlar kiritildi.

Ombudsman nomiga harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar hamda ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan 1,5 mingdan ziyod murojaat kelib tushdi. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning shu davriga nisbatan 4,3 foizga kamaygan.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish davomida 10 ga yaqin mahkumlar yashash joyiga yaqin bo‘lgan jazoni ijro etish muassasalariga o‘tkazilgan. 57 nafar mahkumning oila a’zolariga moddiy yordam ajratilishiga va 17 nafarining yaqin qarindoshlariga tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga erishildi. Shuningdek, 50 ga yaqin “Muruvvat” uyida saqlanayotgan shaxslar, mahkum va mahbuslarga va ularning farzandlariga ID kartalar olinishida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy bosim o‘tkazilgani yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilgani yuzasidan Ombudsmanga 125 ta shikoyat kelib tushgan.

Ularning 19 tasi bevosita monitoring tashriflari davomida amalga oshirilgan yakka tartibdagi qabullarda, 18 tasi  “Ombudsman qutisi”, 40 tasi penitensiar muassasalar ma’muriyati va mahkumlarning (mahbuslarning) yaqin qarindoshlari tomonidan pochta aloqasi xizmati orqali, 21 tasi Ombudsman va uning mas’ul xodimlari tomonidan amalga oshirilgan shaxsiy qabullar, 22 tasi elektron tarzda va 5 tasi Ombudsmanning “Ishonch telefoni” orqali kelib tushgan.

Ushbu shikoyatlarning 64 foizi xodimlarning xatti-harakatlariga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari hamda prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra o‘z tasdig‘ini topmagan.

Shikoyatlarning 8 tasi yuzasidan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsmanning xatiga asosan yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazish belgilangan.

Shuningdek, 37 shikoyat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.

Ta’kidlash joizki, Ombudsman tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan shu mazmundagi 20 ga yaqin xabar zudlik bilan o‘rganilib, Bosh prokuraturaga Ombudsman talabnomalari kiritilgan.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA