Ma’lumki, 2023/2024-o‘quv yili uchun akademik litseylarga kirish imtihonlarining yakuniy natijalari (mandat) e’lon qilingan edi.
Ushbu kirish test sinovi natijasidan norozi bo‘lgan o‘quvchilar vazirlikning my.edu.uz rasmiy veb-saytidan “Shaxsiy kabinet”ga kirish orqali apellyatsiya shikoyatini joriy yil 3 avgustga qadar (shu kuni ham) yuborishi mumkin.
Arizalar faqat onlayn shaklda qabul qilinadi.
Apellyatsiya shikoyati vazirlik huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi Apellyatsiya komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, o‘quvchiga Apellyatsiya komissiyasi qarori to‘g‘risida javob xati yuboriladi.
Apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi.
Apellyatsiya belgilangan Nizom talablari buzilgan holda taqdim etilgan bo‘lsa yoki ko‘rsatilgan dalillar o‘z tasdig‘ini topmasa test sinovi natijalarini o‘zgarishsiz qoldirish va apellyatsiya shikoyati qondirilishini rad etish haqida qaror qabul qiladi.
Shuningdek, shikoyatda ko‘rsatilgan dalillar o‘z tasdig‘ini topsa test sinovlari natijalarini o‘zgartirish va apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish bo‘yicha qaror chiqaradi.
Takroriy apellyatsiyaga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zA