Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi telegram kanaliga ko‘ra, ushbu baholash natijalari samaradorlik.uz platformasida shakllantirildi. Ayni damda tuman, shahar hokim o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari bilan ishlashga mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar belgilangan.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ushbu ma’lumotlarni haqqoniy va o‘z vaqtida taqdim etilishini nazoratga olib kelmoqda.  Joriy yilda hokim o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorligini (KPI) baholash natijalari bo‘yicha shakllantirilgan ma’lumotlarda kamchiliklar aniqlandi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul rahbarlari, xodimlari, viloyat hokimliklarining axborot-tahlil guruhi vakillari ishtirokida shu masalani tanqidiy muhokama qildi.

Dastlab yuzaga kelgan kamchiliklarning sabablari tahlil qilindi.

Keyingi hisobot davriga qadar bu kabi holatlar takrorlanmasligining to‘liq oldini olish, tuman, shahar hokim o‘rinbosarlari hamda sektor rahbarlari faoliyatini adolatli baholanishini ta’minlash hamda hududlarda amalga oshirilgan ishlarning natijadorligini to‘g‘ri tahlil qilish bo‘yicha muhim ko‘rsatmalar berildi.

 

N.Usmonova,  

O‘zA