Mehnat qonunchiligi bo‘yicha xodimning kundalik ish (smena) muddatidan ortiqcha ishlashi – ishdan tashqari ish hisoblanadi. Demak, kundalik ish muddati 8 yoki 7 soatdan ortiqcha ish vaqtida ishlash – ishdan tashqari ishdir. Shu bilan birga, qisqartirilgan ish vaqti tayinlangan xodimlarga nisbatan kunlik qisqartirilgan ish vaqtidan ortiqcha ish – ishdan tashqari ishdir.
Yuqoridagilardan kelib chiqadiki, dam olish va bayram kunlarida ishlash ishdan tashqari ish hisoblanmaydi. Ishdan tashqari ish vaqtini hisobi – ish beruvchi tomonidan tabelda xodimniing haqiqatda ishlagan ishdan tashqari ish soatlarini qo‘yib, jamlash orqali yuritiladi.
Mehnat qonunchiligi normalari mazmunidan kelib chiqib, xodimni ishdan tashqari ishlarga jalb qilish uchun ish beruvchining farmoyish shaklidagi hujjati (tavsiya etiladi: buyruq) chiqariladi va unda xodimning ishdan tashqari ishda ishlash kuni va soatlari ko‘rsatilib, xodimning yozma roziligi bilan (tavsiya etiladi: o‘zi tomonidan yozilgan FISH va roziligini tasdiqlovchi imzosi) tasdiqlanadi.
Ishdan tashqari ishning eng ko‘p muddati har bir xodim uchun surunkasiga 2 kun davomida 4 soatdan, yiliga 120 soatdan oshmasligi lozim. Mehnat sharoiti og‘ir va zararli ishlarda ishlovchi xodimlar uchun esa 1 kunda 2 soatdan oshmasligi kerak.
Ishdan tashqari ishlarga qo‘yidagi shaxslar jalb qilinmaydi:
– ish smenasining muddati 12 soatdan iborat bo‘lgan xodimlar;
– mehnat sharoiti o‘ta og‘ir va o‘ta zararli ishlarda ishlovchi xodimlar;
– 18 yoshga to‘lmagan shaxslar;
– tibbiy tavsiyada taqiqlangan nogiron xodimlar.
Batafsil:
“Huquqiy ekspert” turkum videolavhalarini kuzatishda davom eting va o‘z haq-huquqlaringiz haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ling.
M.Turdaliyeva, H.Abduvoitov O‘zA