Bokuda bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida 2 avgust kuni Ozarbayjon Milliy kutubxonasida o‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy qalamiga mansub “O‘tkan kunlar” asarining ozarbayjon tilidagi yangi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” burchagi rasman ochiladi.

Mazkur tadbirlarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasidan vakillar – taniqli shoirlar, adabiyotshunos olimlar, atoqli madaniyat namoyandalari ishtirok etadi.

– “O‘tkan kunlar” romani yozilgandan keyin ilk bor 1928-1929 yillarda Xolid Saidxo‘jayev tomonidan ozarbayjon tiliga o‘girilgan, – dedi biz bilan suhbatda filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karim. – Bu voqea mazkur asardan o‘zbek o‘quvchisidan keyin dunyoda birinchi bo‘lib aynan ozarbayjonliklar bahramand bo‘lganini anglatadi. Tarjimani yuzaga chiqarishda o‘zbek adabiyotining do‘sti, yetuk adabiyotshunos olima Olmos Ulubemmetovaning xizmati beqiyos.

Ahamiyatli jihati shundaki, kitobda romanni e’tirof etgan ulug‘ yozuvchi va olimlar, xususan, Muxtor Avezov, Yevgeniy Bertels, Jalol Ikromiy fikrlari, tarjimon haqidagi ma’lumotlar keltirilgan.

“O‘tkan kunlar” yozilganiga 100 yil to‘ldi. Biz ushbu sanani Bokuda asarning ozar tilidagi nusxasi bilan nishonlab turibmiz.

Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasidagi barcha tadbirlar, jumladan, buyuk ijod namunasining Ozarbayjondagi yangi nashri taqdimoti xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy, adabiy aloqalar rivojida yangi ufq ochadi.

Shuhrat Orif,

Boku shahri