Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi hay’ati, Departament va Byuroning respublika boshqarmalari, barcha tezkor xodimlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda yilning birinchi yarmida qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi.

Yig‘ilish muhokamasida sohaning asosiy yo‘nalishlari hisoblangan jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish borasidagi muammolarini hal etishga kompleks yondashilganligi ta’kidlandi. Bu davrda qo‘llanilgan 5 mingdan ortiq prokuror nazorati hujjatlari asosida 1,5 mingdan ortiq noqonuniy hujjat qonunga muvofiqlashtirildi, 7 ming nafardan ziyod shaxsning buzilgan huquqi tiklandi. Qonunbuzarlikni bartaraf etish va jazo muqarrarligini ta’minlash borasida 2,5 ming nafardan ortiq shaxsning intizomiy va ma’muriy javobgarlik masalasi hal etildi.

Tekshiruvlar va tergov ishlari davomida 39 milliard so‘mdan ziyod zarar undirildi. Prokurorlar tashabbusi bilan 116 milliard so‘mlik 240 loyiha ishga tushirilishi natijasida 658 yangi ish o‘rni yaratilib, 92 tadbirkorlik sub’ektining faoliyati tiklandi.

Shuningdek yig‘ilishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tanqidiy ruhda muhokama qilindi va kelgusida tanqiddan xulosa chiqargan holda ish olib borish borasidagi vazifalar belgilab olindi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri