Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2023 yil birinchi yarim yillikda amalga oshirgan ishlari yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.
So‘nggi yillarda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Respublika buyicha 12 million nafar bolada 13 turdagi boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash tadbirlari milliy emlash kalendari asosida tashkil etildi va epidemik barqarorlik saqlab qolindi.
Joriy yilning 6 oyi davomida ayrim yuqumli kasalliklarning o‘tgan yilning shu davriga nisbatan pasayishi kuzatildi. Xususan, salmonellez infeksiyasi 18,1 foizga, bakterial ichburug‘ 46,2 foizga, o‘tkir ichak kasalliklari 10,4 foiz, virusli gepatit V 26,9 foizga, virusli gepatit S 27,7 foiz, ayrim gelmintoz kasalliklar: askaridoz 26,8 foiz, trixotsefalyoz 85 foiz, teniarinxoz 23 foiz pasayishi qayd etilgan.
Respublika bo‘yicha amalga oshirilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi samarali tadbirlar natijasida o‘lat, vabo, sariq isitma, virusli gemorragik isitmalar, parranda grippi kabi karantin va o‘ta havfli yuqumli kasalliklarni respublika hududiga chetdan kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Shuningdek, Yevropa va Jahon savdo tashkilotlari va xalqaro talablardan kelib chiqib, ta’lim, qurilish, oziq-ovqat va boshqa sohalar bo‘yicha 40 ta sanitariya qoida va me’yorlari yangi tahrirda qabul qilindi va xalqaro andozalarga moslashtirildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA