“Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, kripto-depozitariy faoliyati — kripto-aktivlarni chiqarish, ularni dastlabki joylashtirish va saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha elektron platforma va (yoki) texnik va dasturiy vositalar majmuini taqdim etuvchi tashkilotdir.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi axborot xizmati rahbari Dilnoza Sobirova tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda ilk bor O‘zbekiston hududida kripto-depozitariy faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berildi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yil 21 iyunda agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida birinchi bor kripto-depozitariy faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berildi. Kripto-depozitariy faoliyatini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkor uchun, ta’minlangan tokenlarni chiqarish hamda ularni ro‘yxatdan o‘tkazish orqali o‘z faoliyatini moliyalashtirish yoki qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilishdir.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, hozirgi kunga kelib, mamlakatimiz hududida kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tegishli litsenziya asosida xizmat ko‘rsatish uchun tashkil etilgan 6 ta xizmatlar provayderlari ro‘yxatga olingan. Xizmatlar provayderlaridan 3,2 milliard so‘m davlat boji va yig‘imlar to‘lanishi ta’minlandi.
Shuningdek, 2023 yil boshidan boshlab, Agentlik tomonidan xorijiy mamlakatlarning kripto-aktivlar aylanmasi sohasini tartibga soluvchi vakolatli organlari bilan hamkorlikni o‘rnatish maqsadida, taklif xatlari yo‘llangan. Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xalqaro xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar bilan aloqalarni o‘rnatish maqsadida joriy yilning birinchi yarim yilligi doirasida 10 dan ortiq xalqaro xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarga taklif xatlari yuborilgan.
Qayd etilishicha, kripto-aktivlar aylanmasini tartibga solishdagi nafaqat umumiy talablar, balki mazkur sohada faoliyat olib borishi mumkin bo‘lgan tegishli faoliyat turlari ham belgilangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi qarori bilan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat turlari etib “mayning” va “kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlar” faoliyati belgilangan.
Xizmatlar provayderlari, o‘z navbatida, “kripto-birja”, “mayning-pul”, “kripto-depozitariy” va “kripto-do‘kon” faoliyat turlariga taqsimlangan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA