Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli va Chimboy tumanlari bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlarda ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi.

Jumladan Departamentning Xo‘jayli tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro T.M. tuman xalq ta’limi bo‘limi bosh inspektor-metodist vazifasida ishlagan davrida fuqaro E.M.ni 3 ming AQSH dollari evaziga tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan biriga direktor lavozimiga o‘tkazishini aytib, uning 2 ming 100 AQSH dollari va 1 million so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, T.M. tomonidan 1 million so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

Shu kabi Departamentning Chimboy tumani bo‘limi tomonidan Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro U.L. fuqaro G.U.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida Nukus shahar tez tibbiy yordam markaziga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 20 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri