O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev AQSHning Nyu-York shahrida BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining yuqori darajadagi siyosiy forumi doirasida “Barqaror rivojlanish maqsadlari sammiti sari jadallik” mavzusidagi umumiy munozaralarda nutq so‘zladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasining xabariga ko‘ra, vazir o‘z nutqida O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda mamlakat oldida turgan dolzarb chaqiruvlarga to‘xtalib o‘tgan.

Xususan, nutqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatni rivojlanishning keyingi bosqichiga olib chiqqani ta’kidlandi. Strategiyaning “Inson qadri” tamoyili BRM (Barqaror rivojlanish maqsadlari) ning “Hech kimni ortda qoldirmaymiz” shiori bilan hamohangligiga alohida e’tibor qaratildi.

– So‘nggi 6 yil davomida O‘zbekiston iqtisodiyotining real o‘sishi darajasi 1,4 barobarni tashkil etdi. Bu davrda maktabgacha ta’lim qamrovi 3 barobar, oliy ta’lim qamrovi esa 4 barobar oshdi. 200 mingdan ortiq yangi kichik va o‘rta korxonalar o‘z biznesini boshladi. 2020 yilda O‘zbekistonda birinchi bor kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosati kun tartibining muhim qismi, deb e’lon qilindi, – dedi Sh.Kudbiyev.

Shuningdek, nutqda yangi qabul qilingan Konstitutsiyaga “O‘zbekiston– ijtimoiy davlat” tushunchasining kiritilgani muhim qadam bo‘lgani, bundan tashqari, “yashil o‘sish”, suvdan oqilona foydalanish kabi yo‘nalishlarda aniq harakatlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, bo‘lib o‘tgan munozaralarda BMT  ga a’zo mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlariga Bosh assambleya minbarida 4 daqiqalik chiqish imkoniyati taqdim etildi. O‘zbekiston delegatsiyasi 17 iyul kuni so‘zga chiqqan 36 davlat vakillaridan biridir.

 

N.Ziyodullayeva tayyorladi.  

O‘zA