Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 dekabrdagi qaroriga muvofiq O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga moliyaviy mustaqillik berilgan.

2023/2024 o‘quv yilida universitet bo‘yicha 4 ming 794 ta, jumladan, bakalavriat bo‘yicha 4 ming 395, magistraturaga 399 ta qabul paramertlari tasdiqlandi. Shu jumladan, bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha jami 2 ming 945 ta, jumladan, davlat granti asosida 915 ta, to‘lov-kontrakt asosida 2 ming 30 ta, sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha jami 100 ta abituriyent qabul qilinishi belgilandi.

Mehnat bozoridagi ehtiyojlardan kelib chiqib, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab universitetda yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari ochildi.

Xususan, bakalavriat, kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha Filologiya va tillarni o‘qitish – turk tili, Tarjima nazariyasi va amaliyoti, Sotsiologiya, Xalqaro munosabatlar, magistratura bo‘yicha lingvistika, arab tili, qiyosiy tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik, italyan tili kabi yo‘nalish va mutaxassisliklar ochildi.

Shuningdek, O‘zDJTUda kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan “Xalqaro jurnalistika”, “Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar” ta’lim yo‘nalishlarida qabul davom etmoqda. Esse va suhbat asosida ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.

Shu kunga qadar bir nafar ko‘zi ojizlar toifasiga kiruvchi abituriyent, 7 nafar xorijiy fuqaro hujjat taqdim etdi.

– Bu yildan boshlab eng katta yangilik – Hukumat tomonidan faqat davlat granti tasdiqlab berildi. Qolgani universitetning Kuzatuv kengashi ijrosida ko‘rib chiqilib, tavsiya etiladi. Hozirda abituriyentlar qabul bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollariga Call-markaz orqali javob olishlari mumkin, – dedi O‘zDJTU Media va kommunikatsiya fakulteti dekani Amrillo Karimov.

 

Nasiba Elibekova,  

O‘zA