Amaldagi qonunchilikda belgilangan psixotrop dori vositalarini bojxona chegaralari orqali olib o‘tish talablariga rioya qilmaslik javobgarlikka tortiladi.
Sarhadlarda sergak bojxonachilar tomonidan inson ongini zaharlab, uning salomatligiga jiddiy putur yetkazuvchi, jamiyat kelajagiga bolta uruvchi psixotrop dori vositalarining noqonuniy tarzda mamlakatimiz hududiga olib kirilishiga chek qo‘yilmoqda.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Dovud-ota” chegara bojxona posti orqali Qozog‘iston Respublikasidan “Ford tranzit” rusumli avtotransport vositasida kirib kelgan fuqaro S.Sh tibbiyot muassasasining tegishli ruxsat beruvchi hujjatlariga ega bo‘lmagan, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan, har biri 25 mg.dan bo‘lgan 100 dona jami 2500 mg. “Baklosan” nomli psixotrop dori vositasini yashirin tarzda olib kelayotganligi holati fosh etildi.
Xuddi shunday yana bir holatda “Dovud-ota” chegara bojxona postiga kirib kelgan “Lada Largus” rusumli avtotransport vositasi bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida aytilmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan, har biri 10 mg.dan bo‘lgan 50 dona “Baklosan” nomli psixotrop dori vositasini noqonuniy tarzda mamlakatimiz hududiga olib kirmoqchi bo‘lganlar aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA