Yer sayyorasidan tashqarida jonli yoki ongli mavjudotlarning bor yoki yo‘qligi doimo bahsli bo‘lib kelgan. So‘ngi paytlarda aniqlangan minglab ekzosayyoralardan xulosa qilsak, endilikda o‘zga sayyoralarda hayot mavjud bo‘lishi ehtimolini inkor etishdan ma’no yo‘q.

Koinot bepoyon, undagi jismlarning son-sanog‘i cheksiz. Ularning ayrimlari teleskoplarga tushib qolib qolsa, insoniyatning noma’lum jismlarni aniqlashga bo‘lgan qiziqishini yanada uyg‘otib yuboradi. So‘nggi yillarda birgina bizning galaktikamizda Quyoshga o‘xshash sayyoralardan 400 milliarddan ortig‘i aniqlangan. Tasavvur qilyapsizmi, bu qanchalik katta raqam?!

2017 yil 19 oktyabrda kanadalik astrofizik Robert Verik Havaida joylashgan “Haleakala” observatoriyasidagi teleskop orqali Yerdan 33 million kilometr uzoqlikda bo‘lgan jism uchib o‘tganini aniqlaydi va unga “Oumuamua” deb nom beriladi. Oradan ikki yil o‘tib, astronomlar bu jismni tabiiy ob’ekt bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelishadi. Ayrimlar esa uni notanish texnologiya mahsuli degan fikrlarni ilgari surdi.

Negadir “o‘zga sayyoralik” deganda odamlar aynan ekran orqali ko‘rgan va qaysidir musavvirning tasavvur mahsuli bo‘lgan qiyofani ko‘z oldiga keltiradi. Olimlar ham o‘zga sayyoralardan hayot nishonasini izlashganda, asosan aynan Yerdagiga o‘xshash hayot namunasini qidirishadi. Biroq boshqa sayyoralardagi hayot shakli umuman biznikiga o‘xshamaydigan, biz tasavvur ham qila olmaydigan muhit va sharoitlarga moslashgan bo‘lishi ham mumkin-ku?!

Noma’lum uchar jismlar haqidagi shubhalarni qayta yuzaga chiqargan voqealardan yana biri 2020 yil aprelida AQSHning Pentagon saytida e’lon qilingan NUJlar tasviri tushirilgan 3 ta video bo‘ldi. Videolar 2004 va 2015 yillarda olingan bo‘lib, ularning haqiqiyligini AQSH dengiz harbiy kuchlari ham tasdiqlagan. Voqea shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Bu bo‘yicha AQSH hukumatining uzoq kutilgan bayonoti esa 2021 yilning iyun oyida e’lon qilindi. Unga ko‘ra, videoda tasvirga tushirilgan jismlar aynan nima ekani aniq emas. Bayonotda noma’lum jism qush, dron kabi keng tarqalgan uchar ob’ekt yoki xorijiy raqobatchilar joylashtirgan texnologiyalar bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

“NASA” agentligining asosiy maqsadlaridan biri – koinotda hayot mavjudligiga oid belgilarni qidirish. Hozirgacha “NASA” Yerdan tashqarida hayot borligi haqida aniq dalil topmagan. Agentlikning astrobiologiya dasturi Yerdan tashqaridagi hayotning paydo bo‘lishi, rivojlanishi kabilarni o‘rganadi va sun’iy yo‘ldoshlari orqali dunyoning boshqa kosmik agentliklari bilan hamkorlikda Yer atmosferasi haqida keng qamrovli ma’lumotlar yig‘adi.

Nima bo‘lganda ham, zamonaviy ilm-fan hozirda koinotning qaysidir bir burchagida “kosmik mikrob” borligini inkor qila olmaydi. Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, ilm-fan taraqqiyoti erishayotgan natijalar insoniyatni koinot qa’ridagi bizga noma’lum o‘zga sayyoralar bilan aloqa o‘rnatiladigan kunlarga tobora yaqinlashtirmoqda.

Internet materiallari asosida O‘.Alimov tayyorladi.

Videomuhandis D.Yoqubov,

O‘zA