Yaqinda Tailand Qirolligining Phuket orolida joylashgan Songkla shahzodasi universiteti (Prince of Songkla university) da mamlakatimizdan borgan o‘zbek shoir va yozuvchilari, olimlaridan iborat delegatsiya vakillari ishtirokida madaniy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirni mazkur oliygohning vitse-prezidenti Pun Tongchumnum kirish so‘zi bilan ochib, O‘zbekistondan tashrif buyurgan ijodkorlar orqali hamkorlik aloqalari yanada rivojlanayotganidan, shu bilan birga, o‘zbek madaniyati va adabiyoti bilan yaqindan tanishish imkoni tug‘ilganidan mamnun ekanini bildirdi.
Dastur davomida o‘zbek jurnalisti va tarjimon Asror Allayarov ushbu uchrashuv O‘zbekiston-Tailand madaniy aloqalarini mustahkamlashda katta rol o‘ynashini, ikki mamalakat ijodkorlari va olimlarining bevosita muloqoti yangi hamkorlik yo‘nalishlarini tashkil etishda munosib ko‘prik vazifasini o‘tashini alohida e’tirof etdi.
Shundan so‘ng mehmon ishtirokchilar so‘zga chiqib, o‘zlarining ijodlaridan namunalar o‘qishdi. Ayniqsa, “Nihol” mukofoti sohibasi, raqqosa Dilnoza Ortiqova va Risolat Sapayeva ijrosidagi lazgi raqsi mezbonlarda katta taassurot qoldirdi. Ikki mamlakat adabiy aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida o‘zbek ijodkorlari tomonidan nashr etilgan bir qancha adabiy va ilmiy asarlar universitet kutubxonasi uchun taqdim etildi.
Yig‘ilish yakunida Songkla shahzodasi universiteti bo‘ylab sayr uyushtirildi.
O‘tkir ALIMOV, O‘zA