Poytaxtimizda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda BMT Taraqqiyot Dasturi (BMT TD) hamkorligidagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab-quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN”)” loyihasi doirasida “Innovatsion guruhlar”ni moliyaviy grantlar bilan taqdirlash marosimi tashkil etildi.
Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Alisher Shukurov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi Hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riyepma, O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Matilda Dimovska hamda bir qator xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan Qishloq xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Alisher Shukurov bugungi kunda yurtimiz agrar sohasida yangi bilim va innovatsiyalar tizimi joriy etilayotgani, mazkur tizimning sohani rivojlantirishdagi o‘rni haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga xizmat qiluvchi Innovatsion guruhlar uchun 1 million AQSH dollaridan ziyod mablag‘ ajratgani va bu mablag‘lar aynan g‘olib chiqqan Innovatsion guruhlarga topshirilishi qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, Yevropa tajribasi asosida Markaziy Osiyoda ilk marotaba tashkil etilayotgan “Innovatsion guruhlar” qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga moslashib, uning salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan ilmiy-amaliy yechimga ega innovatsion loyihalarni ishlab chiqishi va uni amalga oshirishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, ushbu guruhlarning eng yaxshi loyihalarini moliyalashtirish maqsadida o‘tgan 2022 yilning dekabr oyida “Innovatsion g‘oyalar” tanlovi e’lon qilingan edi. Tanlovga jami 201 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, saralash bosqichida har bir arizaning batafsil biznes-rejasi o‘rganib chiqildi. Qishloq ho‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi yetuk mutaxassis va ilmiy xodimlardan iborat ekspertlar komissiyasi tomonidan eng yaxshi 19 ta “Innovatsion guruh”ning arizasi moliyalashtirishga loyiq deb topilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA