Gruziya har doim NATOga qo‘shilishga intilishi haqida bayonot berganda tahdidlarga duch keladi, dedi hukumatni boshqarayotgan “Gruziya orzusi” partiyasi rahbari Irakliy Kobaxidze mamlakatning birinchi telekanaliga intervyu berarkan.
“Gruziya muntazam tahdid ostida, haqiqatan, shunday. Biz NATOga intilishimizni ma’lum qilar ekanmiz va hali al’yansga a’zo bo‘lmas ekanmiz, biz uchun doimiy xavf saqlanib qoladi. Binobarin, ushbu vaziyat qancha vaqtga cho‘zilsa, xavf ham shunchalik cho‘zilaveradi”, – dedi Kobaxidze.
Uning ta’kidlashicha, agar NATO Ukraina bilan Gruziyani vaqtida tarkibiga qabul qilganda edi, harbiy harakat va mintaqadagi hozirgi vaziyat yuzaga kelmagan bo‘lardi.
Seshanba kuni Vilnyusda NATO sammitining yakuniy bayonoti e’lon qilindi. Hujjatda NATO mamlakatlari Gruziyaning alyansga qo‘shilish huquqini tasdiqlagan. Faqat barcha shartlar, jumladan, a’zo bo‘lish bo‘yicha harakatlar rejasi bajarilgandan keyin harbiy blokka qo‘shilish mumkinligi ta’kidlangan.