Bugun, 27 iyun kuni Qozog‘istonda o‘tgan eng yaxshi jurnalistlarni taqdirlash marosimida Prezident Qosim-Jomart Toqayev ommaviy axborot vositalari vakillarining mamlakat taraqqiyotidagi o‘rniga alohida to‘xtaldi.
– Barchani bugungi ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan tabriklayman, – dedi davlat rahbari. – Ko‘pchiligingizni yaxshi bilaman, ijodingizdan boxabarman. Sohaga yosh mutaxassislar kirib kelishi yaxshi tendensiya. Ishonchim komilki, erkin, dadil, keng fikrlaydigan, o‘ziga xos yozish uslubiga ega navqiron jurnalistlar bu kasbni yangi bosqichga ko‘taradi.
“Kazinform” axborot berishicha, yig‘ilishda Qozog‘iston Markaziy Osiyoda yetakchi davlatlardan biriga aylangani, ko‘plab sohalarda jadal rivojlanish kuzatilayotgani ta’kidlangan. “Faqat xotirjam bo‘lish kerak emas”, mazmunida fikr bildirilgan.
Prezident mamlakat OAV uchun xalqaro miqyosda ham faol bo‘lish vaqti kelgani, bu vazifani bajarish uchun yangi media menejmenti, xorijdan axborot tarqatuvchi malakali jurnalistlar, yangi texnologiya va yuqori sifatli infratuzilma zarurligini e’tirof etdi.
– Mamlakatning yuksalishi faqat hukumatga bog‘liq emas, taraqqiyotga hissa qo‘shish har bir fuqaroning burchi, – qo‘shimcha qildi Toqayev. – Bu oddiy haqiqat. Jurnalistlar va davlat rahbarining maqsadi, manfaati mushtarak, deb o‘ylayman. Har birimiz shu burchni ado etish yo‘lida sadoqat bilan mehnat qilaylik!
B.Xudoyberdiyev, O‘zA