O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar madaniy-ma’rifiy jabhalarda ham tobora mustahkamlanib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yaqinda Turkiyaning Konya shahrida tashkil etilgan “Ming nafas – bir ovoz” XI Xalqaro teatrlar festivalida Samarqand viloyati musiqali drama teatri vakillari ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Teatr jamoasi tomonidan taqdim etilgan “Ko‘chki” spektakli muxlislarda katta qizqish uyg‘otdi. Taniqli o‘zbek rejissyori Valijon Umarov tomonidan sahnalashtirilgan mazkur spektaklni Turkiya jamoatchilik vakillari, madaniyat va san’at namoyandalari va teatr muxlislari maroq bilan tomosha qildi.

Spektakl namoyishidan so‘ng so‘zga chiqqan teatr sohasi mutaxassislari o‘zbekistonlik san’atkorlar mahoratiga yuqori baho berdi.

Turk yozuvchisi, asar muallifi Tunjar Jujan o‘g‘li “Ko‘chki” voqealarining aynan shu o‘lkada sodir bo‘lganligi va Samarqand teatri ijodkorlari festivalga kelib, spektaklni shu yerda ijro etgani unutilmas taassurotlarga boy bo‘lganini e’tirof etdi.

Festival tashkiliy qo‘mitasi a’zolari tomonidan xalqaro anjumanda muvaffaqiyatli ishtiroki uchun Samarqand teatri jamoasiga diplom va statuetka topshirildi.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA