O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida “San’at va badiiy ta’limning zamonaviy jamiyatni modernizatsiyalashdagi o‘rni” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori H.Aminov va boshqalar mamlakatimizda badiiy ta’limni yanada ravnaq toptirish borasida ko‘rsatilayotgan e’tibor iste’dodlarnianiqlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, yosh musavvirlarni yurtimizdagi ijodiy-ma’rifiy jarayonlarga kengroq jalb etish bilan uyg‘un tarzda olib borilayotganini ta’kidladi.
Yurtimizda tasviriy, amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishidagi ijodkorlarni rag‘batlantirish, shuningdek, bolalar san’atini rivojlantirish, tizimdagi ta’lim muassasalari faoliyatida ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlari va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari uchun boshlang‘ich badiiy ta’limni yo‘lga qo‘yish yuzasidan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Tasviriy va amaliy san’at umumta’lim maktablari, ixtisoslashtirilgan ta’lim dargohlari, bolalar musiqa va san’at maktablari,oliy o‘quv maskanlarida yoshlarga puxta o‘rgatilmoqda. Nafis san’at yo‘nalishidagi bilim dargohlarifaoliyatinixorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, xalqaro ijodiy va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, O‘zbekistonda va xorijda keng ko‘lamda ko‘rgazmalar o‘tkazish orqali milliy san’atimiz yutuqlarini dunyo jamoatchiligiga tanitish, rang-barang, qiziqarli ijodiy loyihalar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishdagi ezgu sa’y-harakatlar yoshlarga puxta badiiy ta’lim berish, ularning qobiliyati va salohiyatini yanada rivojlantirishga oid amaliy chora-tadbirlar xalqaro miqyosda ham alohida e’tirof etilmoqda.
Anjumanda tasviriy va amaliy san’at, dizayn, san’atshunoslik, muzeyshunoslik yo‘nalishlari, ijtimoiy-gumanitar fanlarning badiiy ta’lim tizimidagi o‘rni, san’atshunoslik va badiiy tanqidchilikning dolzarb masalalari, moddiy va nomoddiy merosga yangicha nazar, dizayn estetikasi va texnologiyasi, madaniyat va san’atda ijtimoiy-gumanitar fanlarning ahamiyati atroflicha muhokama qilindi.