Undirilishi lozim bo‘lgan qarzdorlik yuz ming so‘m bo‘lsayu, ushbu jarima miqdori o‘z vaqtida to‘lanmasa, Majburiy ijro byurosi tomonidan ushbu summaga nisbatan bir necha marta yuqori jarima belgilanishi mumkin.

Bu hol tabiiyki, fuqarolarning to‘lov qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning noroziligini keltirib chiqaradi.

Shu bilan birga, belgilangan jarimalarni o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun bugungi kunda barcha ijrochilarga ma’muriy jarimaga tortish vakolati berilgan. Bu holatlar ham turli suiiste’molchilik va aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

“Ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma’muriy jarima miqdorini belgilash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori bo‘lishi mumkin emasligi haqida norma kiritilmoqda.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisida shu haqda gap bordi.

Asosiysi, kodeksning tegishli moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo qo‘llashga vakolatli bo‘lgan shaxslar doirasi qisqartirilmoqda. Bunga faqat O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari haqli ekanligi to‘g‘risidagi o‘zgartirish kiritilmoqda.

Senatorlar mazkur qonun mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash bilan birga jarimalarni to‘lashda ularga yengilliklar berilishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Majlisda “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunga qadar normativ-huquqiy hujjatlarni va ular loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish qonun bilan emas, balki Adliya vazirligining buyrug‘i bilan tasdiqlangan nizom asosida tartibga solingan.

Bu esa yetarli samara bermayotgani bilan birga qonunchilik hujjatlarida korrupsiyaviy bo‘shliqlarga zamin yaratmoqda.

Mazkur qonun yuqorida qayd etilgan muammolarni bartaraf etish bilan birga ushbu sohani tartibga soluvchi yagona qonun sifatida ishlab chiqilgan.

Korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazish nafaqat adliya organlari, balki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari hamda normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ham o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, vakolatli organlarning ushbu sohadagi asosiy faoliyat yo‘nalishlari hamda korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlar doirasi aniq belgilanmoqda.

Qonun bilan belgilanayotgan ahamiyatli qoidalaridan biri bu qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishda jamoatchilik ishtirokining mustahkamlanayotganidir.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, shuningdek, amaldagi hamda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning sifati oshishiga xizmat qiladi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilinib, mas’ul tashkilot va idoralarga tegishli vazifa va tavsiyalar berildi.

 

N.Abduraimova, O‘zA