U Vatanni hech qanday iddaolarsiz, sof yurak bilan, misralarida yozganidek, “oftobdan ham o‘zing mehri ilig‘imsan, Vatanim” yoxud “Rimni alishmasman bedapoyangga” deya alqab sevdi.
Qalam ahli uchun kamyob hodisa hisoblangan 44 yoshida “O‘zbekiston xalq shoiri” unvonini olishdek sharafga ega bo‘lgan so‘z kuychisi Muhammad Yusuf she’rlari yetib bormagan yurak, kitoblari kirib bormagan xonadon, u kishining she’rlari asosida kuylangan qo‘shiqlarni tinglab, sel bo‘lmagan ko‘ngil yo‘q bo‘lsa kerak yurtimizda. Shu boisdir shoir xotirasi hech qachon unutilmas.
Taniqli shoir va yozuvchilar, san’at vakillari, shoirning oila a’zolari va yaqin do‘stlari, yoshlar, umuman, adabiyotga oshno insonlar ishtirok etgan tadbirda so‘z olganlar Muhammad Yusuf haqidagi xotiralarini so‘zlab berdi. Kechada shoir she’rlari asosida qo‘shiq qilingan taronalar yangradi, go‘zal she’rlaridan namunalar o‘qildi.
Ijodi ayni gullagan vaqtda olamni tark etgan shoirning nomi hamon qadrlanmoqda, Muhammad Yusuf xotirasini abadiylashtirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan Adiblar xiyobonida shoirning haykali qad ko‘targani ham millatning, xalqning ijodkorga bo‘lgan ulkan mehri ifodasidir.