Prezident Vladimir Zelenskiy hozirgacha 9 mayda nishonlab kelingan G‘alaba kunini 8 mayga ko‘chirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, deyiladi Ukraina Oliy radasi saytida berilgan xabarda.
Avvalroq bir guruh deputatlar Oliy radada 8 mart, 1 may va 9 may bayramlarini bekor qilish taklif etilgan qonun loyihasini ro‘yxatdan o‘tkazgan edi. Da’vogarlar ta’kidlashicha, faqat 8 mayda Xotira va yarashish kunini nishonlash kerak. Parlament deputati Yaroslav Jeleznyak 8 mayga belgilangan Xotira va natsizm ustidan qozonilgan g‘alaba kuni nishonlanadigan qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlanganini ma’lum qilgandi.
Loyihaga berilgan izohda aytilishicha, tarixiy haqiqatni, adolatni tiklash maqsadida, Yevropa oilasining ajralmas a’zosi sifatida Ukraina 1939-1945 yillarda bo‘lib o‘tgan Ikkinchi jahon urushida natsizm ustidan qozonilgan G‘alaba kunini Yevropa va taraqqiy etgan demokratik dunyo bilan birga 8 mayda nishonlashi kerak.