Shvetsiya hukumati terror tashkiloti, deb topilgan Kurdiston ishchi partiyasi tarafdorini Turkiyaga ekstraditsiya qilishga qaror qildi. Bu haqda mahalliy “SVT” telekanali ma’lum qildi.

Shvetsiya Adliya vazirligi vakili Ahmad Ashraf ma’lumotiga ko‘ra, 35 yoshli Turkiya fuqarosi 2013 yil o‘z mamlakatida giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyati uchun to‘rt yil-u yetti oyga qamaladi. Yarim yildan keyin u shartli ravishda ozodlikka chiqariladi. Shundan keyin jinoyatchi qonuniy tarzda yurtini tark etadi va Shvetsiyaga borib joylashadi.

Oliy suddagi surishtiruv davomida Turkiya fuqarosining narkojinoyati uchun jazoni davom ettirishi uchun ekstraditsiya qilinishi “bir bahona” ekanini ta’kidlagan.

“Aslida, Kurdiston ishchi partiyasini qo‘llaganim uchun mamlakatimga qaytarib yuborilyapman”, deydi u.

Xabarda aytilishicha, Turkiya Adliya vazirligi Shvetsiya hukumatining majburiy ekstraditsiya to‘g‘risidagi qarorini olgandan so‘ng, jinoyatchi to‘rt hafta ichida olib ketilishi kerak.

“Bu Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishi yo‘lida Turkiya qo‘ygan talabning birinchi ijrosi, deyiladi telekompaniya xabarida.

“TT” agentligi axborotida Stokgolm politsiyasining fevral oyida Turkiya va Eron elchixonalari yaqinida musulmonlar muqaddas kitobini yoqishga ruxsat berilmagani qarori noto‘g‘ri bo‘lganini Apellyatsiya sudi tasdiqlagani aytiladi.

Elchixona yonida muqaddas kitobni yoqishga ruxsat berilgandan keyin ayni aksiyani Turkiya va Eron elchixonalari yaqinida takrorlash uchun joriy yil fevral oyida bir assotsiatsiya va shaxs tomonidan berilgan ikki ariza qanoatlantirilmagan.

Politsiya rad qarorini Davlat xavfsizlik xizmati tavsiyasiga ko‘ra chiqargani bilan asoslaydi. Ekspertlar birinchi hodisa xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatgani, terror harakati tahdidi oshishiga olib kelganini aytishgan.

Shundan keyin Ma’muriy sud murojaatchilar arizasi qondirilmaganiga asos yetarli bo‘lmagani to‘g‘risida qaror chiqaradi. Politsiya, o‘z navbatida, shikoyat arizasi bilan Apellyatsiya sudiga murojaat qiladi.

Matbuot uchun tarqatilgan xabarda Appelyatsiya sudi raisi Stefan Xolgerssondan shunday iqtibos keltiriladi: Appelyatsiya sudi politsiya bo‘limlari tomonidan keltirilgan xavfsizlik va tartibni saqlash masalasi arizani rad etish uchun asos bo‘lolmaydi, rejalashtirilgan harakat va yaqin atrofdagi vaziyat o‘rtasida yetarli darajada bog‘liqlik yo‘q, deb hisoblaydi.

 

Abror XON,

O‘zA