Ayrim qonun hujjatlarida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida tushuntirish berilgan bo‘lsa-da, davlat organlari va muassasalarida ularni amalga oshirish va nazorat qilishning aniq mexanizmi belgilanmagan.
Sohada yagona amaliyotni shakllantiruvchi vakolatli organ mavjud emas. Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda davlat organlarining manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlari, shuningdek, ularning rahbarlari qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘lishi belgilangan bo‘lsa-da, qonunchilik hujjatlarida javobgarlik masalalari nazarda tutilmagan.
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun shu kabi kamchiliklarga barham berishga qaratilgan.
Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan mazkur qonun Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasida dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Qonun yuqoridagi muammolarni bartaraf etish bilan birga korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi manfaatlar to‘qnashuvi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Unda manfaatlar to‘qnashuvi tushunchasi, davlat xizmatchilarining majburiyatlari hamda uni tartibga solish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilanmoqda.
Hujjatning qo‘llanilish doirasi aniqlashtirilmoqda, ya’ni qonun davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga nisbatan, shuningdek, o‘z ustav fondida davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilishi nazarda tutilmoqda.
Eng muhimi, davlat tashkiloti faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishda vakolatli organlar belgilanmoqda. Endilikda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, davlat tashkilotlarining odob-axloq komissiyalari, kadrlar bo‘linmalari va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishni amalga oshiradigan organlar sifatida mustahkamlanmoqda.
Qonunda davlat tashkiloti xodimlariga nisbatan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlar, manfaatlar to‘qnashuviga oid talablarni buzishning huquqiy oqibatlari, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda qabul qilingan va tuzilgan bitimlarni sud tartibida haqiqiy emas, deb topish asoslari, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Qonunning amaliyotga tatbiq etilishi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldi olinishiga zamin yaratadi.
Senat a’zolari, doimiy komissiyalar raislari, ekspertlar guruhi a’zolari, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan yig‘ilish yakunida tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA