Kecha ertalab Qozog‘istonda halokatga uchragan va kamida 38 kishi halok bo‘lgan voqea bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani aytilmoqda. Bu haqda “Euronews” ma’lum qildi.

Ozarbayjon poytaxti Bokudan Rossiyaning Grozniy shahriga yo‘l olgan samolyot Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida favqulodda qo‘nmoqchi bo‘lganida ushbu fojia sodir bo‘lgan.

Bortdagi 67 yo‘lovchidan jami 29 nafari, jumladan: ozarbayjonlik 37 kishidan 14 nafari, qirg‘izistonlik 3 yo‘lovchining barchasi, rossiyalik 16 kishidan to‘qqiztasi va beshta ekipaj a’zolarining uchtasi omon qolgan, lekin turli tan jarohatlari bilan yaqin atrofdagi tibbiyot muassasalariga yetkazilgan.

Bu halokat sodir bo‘lgan vaqtda Ozarbayjon rahbari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)ning norasmiy sammitida ishtirok etish uchun Sankt-Peterburgga yo‘l olgan edi, biroq barchasidan xabar topgach, zudlik bilan ortga qaytdi.

Aliyev Bokuga kelgach, Vazirlar Mahkamasini favqulodda majlisga chaqirdi. Shuningdek, u o‘z hukumatiga aviahalokatni tekshirish bo‘yicha tuzilgan komissiyaga topshiriqlar berdi.

–Komissiyaning vazifasi bu masalani to‘liq tekshirish, halokat sabablari va uning barcha tafsilotlarini o‘rganish hamda xalqqa ma’lumot berishdan iborat, – dedi Aliyev.

Musulmon Ziyo, O‘zA