Farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, tarqatish va innovatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha mamlakatimiz ko‘plab davlatlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yib kelmoqda.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov “ACDIMA” (Arab Company for Drug Industries and Medical Appliances) kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“ACDIMA” farmatsevtika sohasida yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lib, mintaqaviy va xalqaro bozorlarda yuqori sifatli dori-darmonlar, tibbiy asbob-uskunalar va biotexnologik mahsulotlar ishlab chiqarishda faoliyat yuritadi. Kompaniya o‘zining ilg‘or texnologiyalari, malakali kadrlar bazasi va innovatsion loyihalarga sodiqligi bilan tanilgan.
O‘zaro hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilingan uchrashuvda “ACDIMA” kompaniyasi vakillari mahalliy hamkorlar bilan qo‘shma investitsiyalarni o‘rganish, yangi yo‘nalishlarni aniqlash va mavjud imkoniyatlarni samarali rivojlantirish bo‘yicha o‘z qiziqishlarini bildirdi.
A.RUSTAMOV, O‘zA