O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida futzal, mini futbol va sohil futboli sport turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish yuzasidan vazifalar belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 17 dekabr kuni O‘zbekiston futzal federatsiyasini tashkil etish maqsadida uning ta’sis yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda O‘FA va O‘zPFL rahbariyati hamda vakillari ishtirok etib, O‘zbekiston futzal federatsiyasining Ustavi loyihasi, Ijroiya qo‘mita a’zolari, Nazorat taftish komissiyasi a’zolari tasdiqlandi. Shundan so‘ng, tashkilotning ta’sis hujjatlari belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etildi.
Kecha O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va uning hududiy bo‘linmalari, O‘zbekiston Professional futbol ligasi, professional futbol klublari vakillari hamda futzal jamoalari bosh murabbiylari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan taqdimotda yangi tashkil etilayotgan O‘zbekiston futzal federatsiyasi rahbar organlari tanishtirildi.
Demak, 2025 yildan e’tiboran faoliyatini boshlaydigan O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti etib, ta’sis yig‘ilishi qarori bilan respublikamizda futbol va futzal sport turlarining rivojlanishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishda faollik ko‘rsatayotgan, yurtimizning faol tadbirkorlaridan biri, VMV holding Kuzatuv Kengashi raisi, VMV futzal klubi prezidenti Bekzod Mamatqulov nomzodi bir ovozdan ma’qullandi. Shuningdek, O‘zbekiston futzal federatsiyasi vitse-prezidenti etib, “O‘zsanoatqurilishbank ATB” boshqaruvi raisi Aziz Akbarjonov tasdiqlandi. Futzal federatsiyasi bosh kotibi lavozimida esa VMV PFK vitse-prezidenti — ijrochi direktor lavozimida ishlagan Ma’rufjon Abdullayev faoliyat olib boradi.
Taqdimot marosimi so‘nggida, O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan matbuot anjumanini o‘tkazdi.
Muhammad AMIN(surat),O‘zA